🩺 SALOMATLIK YO‘LIDAGI E’TIBOR
2026-10-13 17:05:00 / Yangiliklar

Bo‘stonliq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi shaxsiy tarkibining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash hamda ularning oldini olish maqsadida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rik Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali mobil tibbiy otryadi hamkorligida o‘tkazildi.
Ko‘rik davomida malakali shifokorlar tomonidan shaxsiy tarkibning salomatligi har tomonlama tekshirildi. Jumladan, terapevt, kardiolog, jarroh, otorinolaringolog va oftalmolog mutaxassislari tomonidan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi. Shuningdek, xodimlardan umumiy va biokimyoviy tahlillar olinib, zarur laboratoriya tekshiruvlari amalga oshirildi.
Tibbiy ko‘rikning asosiy maqsadi shaxsiy tarkib salomatligini muntazam nazorat qilish, kasalliklarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish hamda xodimlarga sog‘lom turmush tarziga rioya qilish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berishdan iborat.
Bunday profilaktik tadbirlar favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish jarayonida xizmat qilayotgan xodimlarning jismoniy salomatligini mustahkamlash, xizmat vazifalarini samarali bajarish hamda doimiy jangovar va xizmat shayligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.





