🔥 ZANGIOTA TUMANIDA BOZORLARDA YONG‘IN XAVFSIZLIGI BO‘YICHA PROFILAKTIK TADBIRLAR O‘TKAZILMOQDA
2026-08-17 10:55:00 / Yangiliklar

“Dolzarb 60 kun” tadbiri doirasida Zangiota tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan tuman hududida joylashgan bozorlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, yong‘inlarning oldini olish hamda fuqarolar xavfsizligini oshirish maqsadida profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘rganishlar davomida savdo shoxobchalari, yordamchi xonalar va umumiy foydalanish hududlarida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi, elektr jihozlaridan foydalanish holati, elektr tarmoqlarining sozligi, evakuatsiya yo‘laklari va chiqish yo‘llarining holati, shuningdek, yong‘inga qarshi vositalarning mavjudligi va ulardan foydalanishga tayyorligi ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, bozor ma’muriyati va mas’ul xodimlarga yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish, elektr jihozlari va tarmoqlaridan xavfsiz foydalanish hamda favqulodda vaziyat yuzaga kelganda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Profilaktik o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar mas’ul xodimlarga batafsil tushuntirilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. Aniqlangan kamchiliklarning aksariyati joyida tezkorlik bilan bartaraf etildi.
Bunday profilaktik tadbirlarning asosiy maqsadi — bozorlarda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta’minlash, yong‘inlarning oldini olish va fuqarolarning hayoti hamda mol-mulkini asrashdan iborat.






