Yoshlar bilan ochiq muloqot: taklif va tashabbuslar tinglandi
2026-08-06 14:55:00 / Yangiliklar

Payshanba — “Yoshlar bilan ishlash kuni” munosabati bilan Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik A. Alimatov tomonidan “Og‘ir toifadagi otaliqqa olingan” yoshlar, shuningdek, bosh boshqarma tizimida xizmat qilayotgan yosh harbiy xizmatchilar va xizmatchilar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va mavjud masalalarga amaliy yechim topishga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida Vatanga sadoqat, vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish, kasbga fidoyilik, xizmat intizomiga rioya qilish hamda yoshlarni qiynayotgan masalalar yuzasidan samimiy suhbat olib borildi.
Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan bevosita boshqarma boshlig‘iga murojaat qilib, o‘z savollariga batafsil javob oldilar. Shuningdek, ularning taklif va tashabbuslari tinglanib, kelgusidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Uchrashuv davomida yosh harbiy xizmatchilar va xizmatchilarga xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish, jamoada o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishdek mas’uliyatli vazifani sharaf bilan ado etish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida xizmat va jamoat ishlarida faol ishtirok etib, o‘zining tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh yoshlar esdalik sovg‘alari hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Mazkur uchrashuv yoshlar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda yosh avlod vakillarining kasbiy va shaxsiy rivojlanishiga ko‘maklashish borasidagi ishlarning izchil davom ettirilayotganini ko‘rsatadi.









