Favqulodda vaziyatlarga shaylik – xavfsizlikning muhim kafolati
2026-07-29 17:05:00 / Yangiliklar

Aholi xavfsizligini ta'minlash, favqulodda vaziyatlarda tezkor va to'g'ri harakat qilish ko'nikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida Piskent tumani Favqulodda vaziyatlar bo'limining 31-Yong'in-qutqaruv qismi smena shaxsiy tarkibi tomonidan tumandagi qator obyektlarda amaliy o'quv-taktik mashg'ulotlar o'tkazildi.
Jumladan, HAVAS savdo do'koni hamda 1-son umumta'lim maktabi hududida tashkil etilgan mashg'ulotlar davomida shartli yong'in sodir bo'lgan vaziyatlarda yong'in-qutqaruv bo'linmalarining tezkor harakati, yong'inni qisqa fursatda bartaraf etish, fuqarolarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish hamda birlamchi yong'in o'chirish vositalaridan samarali foydalanish bo'yicha amaliy mashqlar bajarildi.
Mashg'ulotlar jarayonida har bir harakat belgilangan tartib asosida sinovdan o'tkazilib, shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarligi, o'zaro hamkorligi va favqulodda vaziyatlarda to'g'ri qaror qabul qilish ko'nikmalari yana bir bor mustahkamlandi. Shuningdek, obyekt mas'ullari va xodimlariga yong'in xavfsizligi qoidalariga qat'iy rioya etish, yuzaga kelishi mumkin bo'lgan favqulodda holatlarning oldini olish hamda dastlabki harakatlar bo'yicha zarur tavsiyalar berildi.
Bunday amaliy o'quv-taktik mashg'ulotlar nafaqat qutqaruvchilar jangovar shayligini oshirish, balki ta'lim muassasalari, savdo obyektlari va boshqa jamoat joylarida xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarning favqulodda vaziyatlarda to'g'ri harakat qilish ko'nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.






