Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasida sayyor qabul o‘tkazildi
2026-06-12 10:25:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasida harbiy xizmatchilar murojaatlarini o‘rganish va ularning muammolariga yechim topish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi.
Unda Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi boshlig‘i hamda Chirchiq harbiy prokurori ishtirok etib, harbiy xizmatchilar bilan ochiq muloqot olib bordi.
Qabul davomida xizmat faoliyati, ijtimoiy himoya, oilaviy masalalar hamda huquqiy yo‘nalishdagi murojaatlar ko‘rib chiqildi. Harbiy xizmatchilarga mavjud muammolar yuzasidan huquqiy tushuntirish va amaliy maslahatlar berildi.
Shuningdek, har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ul bo‘linmalarga tegishli topshiriqlar berildi. Qo‘shimcha vaqt va o‘rganishni talab etadigan masalalar yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Mazkur sayyor qabul harbiy xizmatchilar bilan ochiq va samimiy muloqotni mustahkamlash, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash hamda samarali hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.









