Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi tomonidan Oqqo‘rg‘on tumanida favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirishga qaratilgan qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazilmoqda.
O‘quv mashqlari davomida boshqaruv organlari hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday holatlarda harakat qilish davlat hududiy quyi tizimi xizmatlarining aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha tayyorgarligi kompleks tarzda sinovdan o‘tkazildi.
Tadbir doirasida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirish, kuch va vositalarni samarali boshqarish, aholi xavfsizligini ta’minlash hamda qutqaruv ishlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy mashqlar bajarildi. Shuningdek, tegishli xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada takomillashtirish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
O‘quv mashqlari davomida shartli ravishda yuzaga keltirilgan favqulodda vaziyatlarga nisbatan xizmatlarning tezkor harakatlari amalda sinovdan o‘tkazilib, ularning tayyorgarlik darajasi baholandi.
Mazkur qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari hududlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda aholining xavfsizligini ta’minlashga tayyorgarlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.