YO‘SHLAR O‘RTASIDA SUV HAVZALARIDA XAVFSIZLIK BO‘YICHA TUSHUNTIRISH ISHLARI OLIB BORILDI
2026-05-12 17:25:00 / Yangiliklar

Oqqo‘rg‘on tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan 8-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchi hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirokida keng qamrovli targ‘ibot-tushuntirish tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan qo‘riqlanmaydigan suv havzalari, kanallar, ariqlar hamda taqiqlangan hududlarda cho‘milish juda xavfli ekani, bunday holatlar ko‘pincha og‘ir oqibatli favqulodda vaziyatlar — suvga cho‘kish, jarohatlanish va boshqa noxush hodisalarga sabab bo‘lishi mumkinligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, o‘quvchi-yoshlarga suv havzalari yaqinida o‘zini tutish qoidalari, xavfsiz hududlarni tanlash, kattalar nazoratisiz suvga yaqinlashmaslik hamda favqulodda vaziyat yuzaga kelganda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida FVV xodimlari tomonidan hayotiy misollar asosida tushuntirishlar olib borilib, profilaktik ko‘rsatmalar berildi hamda ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob qaytarildi.
Bunday yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlari yoshlar o‘rtasida xavfsizlik madaniyatini oshirish, ularni ogohlikka chaqirish hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.



