Yosh qutqaruvchi-volontyorlar bilan uchrashuv o'tkazildi.
2026-08-21 15:35:00 / Yangiliklar

Yosh qutqaruvchi-volontyorlar bilan uchrashuv o'tkazildi.
Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik G‘.M.Alaviddinov yosh Favqulodda vaziyatlar volontyorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida boshqarma boshlig‘i yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot qilib, o‘zining ko‘p yillik xizmat faoliyati, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, sohadagi yangiliklar hamda boy hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, yosh qutqaruvchi-volontyorlarning fikr va takliflari tinglanib, ularning tashabbuslari bilan yaqindan tanishildi. Yoshlarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi xavfsizligini ta’minlash hamda profilaktik tadbirlardagi faolligini yanada oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida volontyorlik guruhlari faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, “mahalla – volontyor – davlat inspektori” o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi ta'kidlandi.
Uchrashuv yakunida yosh qutqaruvchi-volontyorlarning tashabbuskorligi, fidoyiligi va aholi xavfsizligini ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi e’tirof etilib, ularni qo‘llab-quvvatlash va kelgusidagi faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida volontyorlarga maxsus qutqaruv texnikalarining imkoniyatlari, asbob-uskunalardan foydalanish tartibi hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri harakatlanish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, volontyorlar qutqaruvchilarning amaliy faoliyati bilan yaqindan tanishib, qutqaruv jarayonlarida qo‘llaniladigan maxsus jihozlar yordamida amaliy harakatlarni o‘zlari ham bajarib ko‘rdilar.
Mazkur tadbir yoshlarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish, qutqaruv ishlarini tashkil etish hamda favqulodda holatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qildi.









