BOSHQARMA TARIXI

BUXORO VILOYaTI FАVQULODDА VАZIYaTLАR BOShQАRMАSINING ShАKLLАNIShI
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini tashkil etish toʼgʼrisida» 1996 yil 4 martdagi PF-1378-son Farmoniga muvofiq Oʼzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi negizida Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etildi. Oʼsha davrda mazkur Farmon ijrosi yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 1996 yil 11 aprelda “Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining faoliyatini tashkil etish masalalari toʼgʼrisida”gi 143-sonli qarorga asosan vazirlik faoliyati toʼgʼrisidagi dastlabki Nizom tasdiqlandi.
1996 yil 4 martda Oʼzbekiston Mudofaa vazirligi tarkibidagi Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi negizida alohida Favqulodda vaziyatlar vazirligini tashkil etishdan asosiy maqsad — mamlakatda tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi hamda hududlarni muhofaza qilish tizimini mustahkamlash, shuningdek fuqaro mudofaasi tadbirlarini samarali boshqarishdan iborat edi.
Mazkur qarorga muvofiq Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tashkil etildi va shu tariqa viloyatda aholi xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan mutlaqo yangi bosqich boshlandi. Oʼsha davrda tasdiqlangan Nizomga asosan boshqarma shtati 8 nafar harbiy xizmatchi va 36 nafar xizmatchidan iborat boʼlib, jami 44 nafar xodim faoliyat yuritishi belgilandi. Dastlab qaror asosida Buxoro shahridagi Fayzulla Xoʼjaev va Toʼqimachi tumanlari fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boʼlinmalari Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tasarrufiga oʼtgan boʼlsa, keyinchalik viloyatning toifalangan hamda oʼta muhim va strategik ahamiyatdagi obʼektlar joylashgan shahar va tumanlari, jumladan Kogon shahri va tumani, Qorovulbozor, Romitan, Gʼijduvon tumanlarida Favqulodda vaziyatlar boʼlimlari tashkil etildi. Bu raqamlar ortida esa ulkan masʼuliyat, ogʼir va sharafli xizmat, tun-u kun tayyorgarlik holatida turish vazifasi mujassam edi.
Boshqarma tashkil etilgunga qadar Buxoro viloyati Mudofaa boshqarmasi tarkibidagi Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boʼlimida oʼsha paytda juda kam nafar xodim mehnat qilardi. Ular cheklangan imkoniyatlar va kam sonli tarkib bilan ish yuritib, viloyat hududida yuzaga kelishi mumkin boʼlgan tabiiy va texnogen tusdagi xavf-xatarlarga qarshi kurash olib borishardi.
Yangi tizimni shakllantirish jarayoni oson kechmadi. Eng dolzarb vazifalardan biri – sohaga munosib, bilimli, jismonan va maʼnan baquvvat kadrlarni tanlash edi. Chunki favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish, yongʼin, sel-toshqin, texnogen avariyalar oqibatlarini bartaraf etish kabi vazifalar yuqori malaka, tezkor qaror qabul qilish qobiliyati va kuchli irodani talab qilardi.
Bu soha oddiy xizmat emas, balki inson hayoti uchun kurashish maydoni edi. Har bir xodim nafaqat kasbiy bilimga, balki yuksak vatanparvarlik hissiga, fidoyilik va jasoratga ega boʼlishi shart edi. Shu bois kadrlar tanlovida masʼuliyat, intizom, psixologik barqarorlik va jamoada ishlash koʼnikmalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tashkil etilishi viloyatda xavfsizlik tizimini mustahkamlash, aholi tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash borasidagi muhim qadam boʼldi. Аna shu dastlabki 44 nafar xodim esa kelgusida shakllanadigan yirik va mustahkam tizimning poydevorini yaratishda hal qiluvchi oʼrin tutdi. Ular oʼz mehnati, sadoqati va fidoyiligi bilan bugungi zamonaviy qutqaruv xizmati rivojiga mustahkam zamin hozirlab berdilar.
