KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORGARLIK: FVDT XIZMATLARINING SHAYLIK DARAJASI SINOVDAN O‘TKAZILDI
2026-10-07 10:15:00 / Yangiliklar

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi B.Zaripov so‘zga chiqib, kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish barcha mas’ul xizmatlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklashini ta’kidladi. Aholi xavfsizligini ta’minlashda har bir tashkilotning o‘zaro hamkorligi, doimiy shayligi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarga nisbatan hushyorlik bilan yondashishi muhim ekani qayd etildi.
Tadbir doirasida mas’ul tashkilot va xizmatlarning saf ko‘rigi tashkil etilib, ularning mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, oqibatlarini tezkor bartaraf etish hamda aholining xavfsizligini ta’minlash borasidagi shayligi ko‘zdan kechirildi. Maxsus texnika, qutqaruv vositalari, jihozlar va xodimlarning favqulodda vaziyatlarga tezkor javob qaytarish imkoniyatlari amaliy jihatdan baholandi.
Saf ko‘rigi davomida qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulay ob-havo sharoitlari, kuchli yog‘ingarchilik, sovuq harorat, elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar, yong‘in hamda boshqa turdagi xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar ham tahlil qilindi.
O‘quv mashqlari davomida favqulodda vaziyatlarga birgalikda va muvofiqlashtirilgan holda harakat qilish, mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanish, aholini muhofaza qilish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan talofatlarning oldini olish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar yanada mustahkamlandi.









