«KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORGARLIK — XAVFSIZ XONADON GAROVI»
2026-09-16 09:15:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli yurtdoshlar!
Kuz-qish mavsumida havo haroratining pasayishi bilan xonadonlarda isitish moslamalari, gaz va elektr jihozlaridan foydalanish yanada ortadi. Bu esa yong‘in, is gazidan zaharlanish hamda gaz-havo aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olishda har birimizdan alohida e’tibor va mas’uliyatni talab etadi.
Shu bois, sovuq kunlar boshlanishidan avval xonadoningizdagi isitish pechlari, gaz va elektr jihozlari, mo‘ri hamda dudburonlarning texnik holatini tekshirib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf eting. Mo‘ri va dudburonlarni o‘z vaqtida tozalash, gaz jihozlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya qilish, nosoz yoki qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanmaslik — hayotingiz va yaqinlaringiz xavfsizligining muhim kafolatidir.
Ayniqsa, yosh bolalar, keksalar va boshqa oila a’zolarini isitish moslamalaridan xavfsiz foydalanish qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqiraman. Xonadonlarda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish, gaz sizib chiqishining oldini olish, elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklama bermaslik va favqulodda holat yuzaga kelganda darhol 112 yagona tezkor raqamiga murojaat qilishni unutmang.
Kuz-qish mavsumini xotirjam va xavfsiz o‘tkazish — avvalo o‘zimizning e’tiborimiz va mas’uliyatimizga bog‘liq. Xavfsiz xonadon — osoyishta oila garovidir!
Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i
polkovnik Sh.H. Ayubov
