KORRUPSIYA – MILLAT TANAZZULI
2026-05-20 10:10:00 / Yangiliklar

Ana shu maqsadda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Markaziy apparati mas’ul xodimlari hamda viloyat Harbiy prokurori ishtirokida Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan navbatdagi profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida shaxsiy tarkib o‘rtasida harbiy intizomni mustahkamlash, huquqbuzarlik va qonun buzilishi holatlarining oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvi, firibgarlik, shuningdek korrupsiyaning jamiyat va xizmat faoliyatiga salbiy ta’siri yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, xizmat faoliyatida shaffoflik, adolat va mas’uliyat tamoyillariga qat’iy amal qilish, harbiy xizmatchilar tomonidan kasbiy etika qoidalariga so‘zsiz rioya etilishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda diniy ekstremizm va aqidaparastlik kabi buzg‘unchi oqimlar ta’siriga tushib qolmaslik, internet tarmog‘idagi zararli g‘oyalar hamda onlayn qimor o‘yinlari kabi salbiy illatlardan yiroq bo‘lish yuzasidan ham ogohlantiruvchi ma’lumotlar yetkazildi.
Yurt tinchligi, xalq xavfsizligi va xizmat sha’nini himoya qilish yo‘lida har bir xodim halollikni o‘zining eng katta qadriyati deb bilishi lozim. Zero, korrupsiya — taraqqiyot kushandasi, halollik esa jamiyatni yuksaltiruvchi eng buyuk kuchdir. Millat kelajagi pok vijdon, sof niyat va adolatli xizmat bilan barpo etiladi.









