ISROFGARCHILIKKA QARSHI BIRGALIKDA KURASHAMIZ
2025-11-05 12:35:00 / Yangiliklar

ISROFGARCHILIKKA QARSHI BIRGALIKDA KURASHAMIZ
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-sentyabrdagi qarori bilan 2026 – 2030-yillar O‘zbekistonda «Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri» deb e’lon qilindi.
Mamlakatimizda dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi besh yilligi e’lon qilindi. Aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash va isrofgarchilikni kamaytirish, jumladan, do‘konlarda muddati o‘tgan mahsulotlarga chegirma, marosimlarni o‘tkazishda qat’iy qoidalar, chiqindilarni tozalash va qayta ishlash choralari ko‘riladi.
Bu davrda aholi ehtiyojiga yetarli darajada va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish choralari ko‘riladi, aholi orasida o‘rtacha kunlik ratsional ovqatlanish normativlari asosida to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha tushuntirish tadbirlari o‘tkaziladi, oziq-ovqat mahsulotlaridan hosil bo‘lgan chiqindilar qayta ishlash korxonalariga topshirilishi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar belgilangan tartibda o‘tkazilishi qat’iy nazoratga olinadi.
Hukumatimiz qaror bilan umumiy ovqatlanish sohasida oziq-ovqat chiqindilari hosil bo‘lishini kamaytirish va ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olishga qaratilgan «Oqilona iste’mol» (Save Food) dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi.
2026-yilning 1-iyulidan boshlab markazlashgan oqova suv tizimlariga ulanishga faqat oqova suvlardagi yog‘-moy mahsulotlari ajratib olinishini ta’minlaydigan yog‘-moy tutgich uskunalari mavjud bo‘lgan umumiy ovqatlanish korxonalariga ruxsat beriladi. Ular har oyda kamida bir marotaba uskunalarni chiqindi yog‘-moylardan tozalashi, ushbu chiqindilarni qayta ishlashi va utilizasiya qilishi kerak bo‘ladi. Xususan, chiqindi yog‘-moylardan xo‘jalik sovunlari, hayvon ozuqalari va boshqalar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Umumiy ovqatlanish korxonalari oziq-ovqat mahsulotlarini pishirish uchun gaz ta’minoti, ular bo‘lmaganda, yog‘och yoki tayyor ko‘mirdan foydalanishda atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalar va hidlarni ushlab qoluvchi qurilmalarni o‘rnatishlari kerak.
2026-yilning 1-yanvaridan boshlab oziq-ovqat chiqindilarini kompostlash orqali qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishda organik o‘g‘itlarni qo‘llash tizimini kengaytirish reja qilinmoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yo‘qotilishini kamaytirish uchun ularni yig‘ishtirib olish, saralash, yuklash, tashish, muzlatkichlarga joylashtirish jarayonlari monitoring qilinadi. Do‘konlarda yaroqlilik muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlariga chegirma tizimi kengroq joriy etiladi.
Xo‘sh, isrof nima? Kim isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadi? Albatta uvol-savobning farqiga bormagan odam.
Yaqinda bir xonadonda bo‘ldik. Oshxonasiga quritilgan nonlarni uyub qo‘yibdi. Aytishicha mol-qo‘ylari uchun ekan. Uyulgan nonlar orasida butun-butun yog‘lik qimmat patirlar, go‘shtli gijda nonlar, parhez uchun tanovvul qilinadigan qora nonlar, turli batonlar, shirinliklarni ko‘rib aqlingiz shoshadi. Uni bir odam isrof qilmagani aniq. Ammo me’yor degan narsa borku. Odam o‘zining ehtiyojiga yarashasini olishi mumkinku. Nahotki bir kunlik me’yor qanchaligini anglash qiyin bo‘lsa. O‘sha oilada ota-onalar, bobo-buvilar, qaynota-qaynonalar tomonidan yoshlarga nonning uvoli haqida tushuntirishmaganmi?
Qorni to‘qning qorni och bilan nima ishi bor. Nonning bu isrofi orqali odamlarimizning qadr-oqibat tushunchalari ham sustligini anglash qiyin emas. Tanasi boshqa dard bilmas deganlaridek atrofdagilarning hayoti unday odamlarni qiziqtirmasligi aniq.
To‘ylardagi dabdababozlik, isrofgarchiliklar ham kishini o‘yga toldiradi. Yurtimizda so‘nggi yillarda xalqimiz turmush tarzini yengillashtirish, isrof va ortiqcha dabdabozliklarning oldini olish borasida ko‘plab ezgu tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Ammo to‘y va marosimlarda me’yor buzilayotgani, ortiqcha chiqimlar, dabdabali bezaklar, keraksiz raqobat holatlari bo‘layotgani achinarli holdir.
To‘y – bu inson hayotidagi eng quvonchli, eng mas’uliyatli daqiqalardan biridir. U oilaning mustahkam poydevorini qo‘yish, el-ulusni birlashtirish, qadimiy urf-odatlarimizni e’zozlash uchun xizmat qilishi kerak. Biroq ayrim hollarda to‘ylarning asl ma’naviy mazmuni yo‘qolib, u raqobat, hasham va ko‘r-ko‘rona isrof maydoniga aylanayotgani bor haqiqat.
Odatda, bunday holatlar “elga ko‘rsatish”, “boshqalardan ortda qolmaslik” degan noto‘g‘ri tushunchalardan kelib chiqadi. Ammo aslida, ortiqcha sarf-harajat, keraksiz bezak, qimmatbaho mashinalar korteji yoki haddan tashqari ko‘p sonli mehmonlar to‘yning darajasini oshirmaydi, balki uning ruhiy pokligiga dog‘ tushiradi.
Sharqona qadriyatlarimiz, islomiy ta’limotlarda ham isrofgarchilik qattiq qoralanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“Albatta, isrof qiluvchilar shaytonlarning birodarlaridir.” Bu oyat har bir musulmonni me’yor va tejamkorlikka chorlashi lozim.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan marosimlar to‘g‘risidagi qarorlar ham xalqimizni ortiqcha isrofgarchilik va dabdabozlikdan tiyilish, to‘ylarni oddiy, samimiy va milliy ruhda o‘tkazishga da’vat etadi.
Bugun har birimiz shuni anglashimiz lozimki, to‘y – bu nafaqat ikki yoshning hayotida, balki butun jamiyatda ma’naviyatni namoyon etuvchi hodisadir. Uni me’yor, kamtarlik va samimiyat bilan o‘tkazish – elga ibrat, kelajak avlodga esa namunadir.
Xulosa qilib aytganda, isrofgarchilik, ortiqcha hasham va dabdabozlik ortidan quvish emas, balki mehr-oqibat, birlik va insoniy qadriyatlarni ulug‘lash, me’yorni anglab tejamkor bo‘lish har bir yurtdoshimizning burchidir.
Muhammad JIYANOV,
Forish tuman ma’naviyat-ma’rifat markazi rahbari.
