QUYOSHGA YUZ TUTGAN FORISH
2025-09-23 15:50:00 / Yangiliklar

Energetika mustaqilligi davlat uchun muhim geosiyosiy qalqondir. Ziddiyatli dunyoimizda qachonlardir tugaydigan energiya resurslari uchun kurashlar davom etmoqda. Buning ustiga an’anaviy shaklda energiya ishlab chiqarish atrof-muhitga katta zarar yetkazadi. Shu sabab “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ”yashil” energetika manbalarini yaratish va iste’moldagi ulushini oshirish bo‘yicha ulkan chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston 2030 yilga borib mamlakatning umumiy energetika balansidagi quyosh energiyasi ulushini 6 % ga yetkazishni rejalashtirmoqda.
G‘allaorol tumanida quyoshdan nur olib, nur tarqatayotgan quyosh fotoelektr stansiyasi vohamizning shu turdagi to‘ng‘ich inshooti sanaladi. Majmua ishga tushgan tarixiy sana – 2024-yilning sentyabr oyidan boshlab G‘allaorol, Sharof Rashidov tumani va Jizzax shahri aholisiga elektr energiyasi yetkazib berayapti. BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan mazkur loyiha 220 MVt quvvatga ega. Qariyb bir yil davomida qurilish ishlari olib borilgan bu inshoot chorak asr xalqqa xizmat ko‘rsatadi. unga qadar yangi energetika quvvatlari ishga tushib, uzluksiz va xavfsiz manbalar soni oshadi. Ulardan biri Forish quyosh fotoelektr stansiyasi xisoblanadi.
O‘zbekiston – Xitoy strategik munosabatlari doirasida yurtimiz bo‘ylab Xitoy davlati ishtirokida ekologik toza energiya ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilayotir. Xususan, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilib, umumiy hisobda 1,5 gigavattdan ko‘p toza energiya ishlab chiqarish imkonini yaratilmoqda. Ayni kunlarda Forish tumanining Egizbuloq MFY hududida, Jizzax – Forish yo‘li yoqasida ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari ketmoqda. O‘zbekiston va Xitoy davlatlari bayrog‘i ostida davom etayotgan texnika va insonlar harakati hech bir yo‘lovchining e’tiborini tortmay qolmaydi. 1058 gektar yer maydoni ajratilgan bu hududda 1000 nafarga yaqin mutaxassis kunni tunga ulab mehnat qilishmoqda. Ular uchun vagon tipidagi yotoqxona va oshxona xizmat ko‘rsatadi.
Aslida China State Electrical, China Yelectrical Yequipment, CHD va Poly Changdo kompaniyalari ishtirokidagi qurilish ishlari 2024-yilning dekabr oyida boshlangan bo‘lib, bugun loyiha ofisi hamda bir necha kilometrga cho‘zilgan quyosh panellari sabab ish darhol ko‘zga tashlanadi. Bir necha oy burun tap-taqir bo‘lgan bu hududda ish qaynayotgani bejiz emas: bu yerda 500 MVt fotoelektr stansiyasi va havo elektr uzatish tarmog‘i bunyod etilyapti. Bunday katta hajmli loyiha viloyat uchun noyob bo‘lib, hududning tekisligi va ochiqligi, quyoshli kunlarning ko‘pligi tabiiy imkoniyat manbai bo‘lib hisoblanadi.
-Loyihada ishtirok etish uchun yaqindagina jamoaga kelib qo‘shildim, – deydi QAQC menejeri Sun Zhen. – Qisqa muddatda yengil konstruksiyali loyiha ofisi qurib bitkazildi. Ayni kunda qo‘shimcha 7 ta bino-inshootlar qurilishi jadal davom etmoqda. Bu yerda 100 nafardan ziyod xitoylik mutaxassis ish olib borayapti. Reja asosida ishlar davom ettirilmoqda. Tez orada – sentyabrda loyihaning birinchi, dekabr oyida esa ikkinchi etapi ishga tushadi. Joriy yil yakunida stansiyaning 200 MVt quvvatli bir qismi tok ishlab chiqarishni boshlaydi.
Loyihaning to‘liq ishga tushish muddati 2026-yilning mart oyiga mo‘ljallangan. Quyosh fotoelektr stansiyasining ishga tushishi natijasida ishlab chiqariladigan elektr toki Zafarobod podstansiyasiga uzatiladi. U yerdan taqsimlangan nur aholi xonadonlari va tashkilotlarga kirib boradi. Shuningdek, Jizzax shahriga ham tabiiy toza elektr tokini uzatish maqsadida 500 dona havo elektr uzatish tarmog‘i ustunlari o‘rnatiladi. 350 mln AQSh dollari evaziga bunyod bo‘layotgan bu stansiya Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yilida amalga oshirilgan eng yaxshi loyihalardan biri bo‘lib qoladi.
Xo‘sh, quyosh fotoelektr stansiyasi qanday ishlaydi? Uning ekologik tozaligi qanday aniqlanadi? Mutaxassis erinmay uning ishlash tartibini tushuntirdi. Ya’ni quyosh nurlari quyosh panellariga tushadi, doimiy tok ko‘rinishiga aylantiriladi va akkumulyator batareyalarida saqlanadi. Invertor yordamida doimiy tok o‘zgaruvchan tokka – odatiy 220 V ga aylantiriladi va elektr tarmog‘iga uzatiladi. Ayni kunlarda ajratilgan maydon bo‘ylab quyosh panellari, ya’ni fotoelektrik o‘zgartirgichlar o‘rnatib kelinayapti. Quyosh fermasining bu qismlari chuqur tahlil va o‘rganish natijalaridan so‘ng – og‘ish burchagi va yuzasi belgilangach o‘rnatilmoqda.
Eslatish o‘rinliki, bu yil deyarli har bir viloyat shu kabi tabiiy elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalariga ega bo‘lib ulgurdi. Natijada 2025-yilda qayta tiklanadigan energiyani umumiy energiya iste’moli majmuasida 19,7 % gacha oshirish, shu jumladan quyosh energiyasini 2,3 % ga oshirish imkoni yaratildi.
-Majmuaning ishga tushishi nafaqat energetika barqarorligi, atrof-muhit tozaligida, balki mahalliy aholini ish bilan ta’minlashda ham katta ahamiyatga ega, – deydi Forish tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Elnora Ummatova. – Ayni vaqtda bu yerda 500 nafardan ziyod mahalliy yoshlar ish bilan band. Loyiha to‘liq ishga tushgach, stansiyaga xizmat ko‘rsatuvchi doimiy 50 ta ish o‘rni yaratiladi.
Darhaqiqat, quyosh fotoenergetikasi jahon bozorida 2005-yildan beri yiliga o‘rtacha 40 % ga o‘sib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, kelgusi 20 yil ichida aynan quyosh fotoenergetikasi sabab dunyo bo‘yicha 2 milliondan ortiq ish o‘rinlarini yaratilar ekan. Natijada atmosferaga chiqayotgan 350 mln tonna Co2 gaz chiqindilari kamayadi, 140 ta ko‘mir bilan ishlaydigan elektr stansiyalari ishi to‘xtatiladi. So‘nggi yillarda jahon bozorida quyosh fotoenergetikasiga sarmoya kiritish boshqa qayta tiklanadigan energiya sohalariga qaraganda ko‘proq ajratilayotgani ham uning istiqbolidan darak beradi.
Kim o‘ylabdi deysiz, Forishdagi, G‘allaoroldagi taqir dalalarda ana shunday inshootlar barpo bo‘ladi deb? Bular mustaqillik inshootlari – ularning shakli ham, mazmun-mohiyati ham, qiladigan ishi ham har jihatdan chiroyli, xalqqa foydali va dunyo trendlariga monand bo‘ladi. Yangi O‘zbekistonning yangi energetikasi uni mustaqil va boshqalarga tobe qilmaydi. Yurtimizning porloq quyoshi endi xonadonlarimizga sim tolalar bo‘ylab yorug‘lik ko‘rinishida kirib boradi. Ota-bobolarimiz sham yoki chiroq yorug‘ida kitob o‘qib, ilm-ma’rifatdan bahra olgan bo‘lsalar, bugungi intellektual avlod quyosh, shamol va issiqlik stansiyalaridan uzatilayotgan nur orqali chuqurroq bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Ilm nurini ko‘z qorachig‘idek asrab, uni hayotga tatbiq etayotgan yoshlar yaqin kelajakda nafaqat bu kabi zamonaviy energiya majmualarini barpo etadi, balki ularni yanada takomillashtirib, yangi texnologiyalar bilan dunyo miqyosida raqobatbardosh yetakchi avlod sifatida yurtimiz sharafini baland qiladi, deb yorug‘ umidlar qilamiz.
Muqaddas SAPAROVA,
Jurnalist.
S.NORBEKOV (foto).
