O‘ZBOSHIMCHALIK BILAN QURILGAN IMORATLARNI BUZDIRISH HAQIDAGI NIZOLAR KO‘PAYMOQDA
2025-06-18 16:25:00 / Yangiliklar

O‘ZBOSHIMCHALIK BILAN QURILGAN IMORATLARNI BUZDIRISH HAQIDAGI NIZOLAR KO‘PAYMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi FKning 212-moddasi 1-qismida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi deyilgan.
Qonuniy yer uchastkalariga bo‘lgan huquq vujudga kelishi esa yer kodeksining 31-moddasi belgilangan bo‘lib, belgilangan tartibda yer uchastkasi olmasdan qurilgan imoratga shu jihatdan huquqiy baho beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi yer kodeksining 31-moddasida yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi joyning o‘zida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkasining planlari(chizmalari)va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga keladi deyilgan.
Shunga ko‘ra, jismoniy yoki yuridik shaxsning nizoli yer uchastkasini qanday tartibda olganligiga, nizoli yer uchastkasi ajratishga vakolatli organning hujjati bor-yo‘qligiga, uning plani,tavsifidan kelib chiqib baho beriladi.
FKning 212-moddasi 2-qismida o‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga – sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emasligi belgilangan.
Ya’ni, o‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxsning xatti-harakatining qanday huquqiy oqibat keltirilishiga tushuncha berilgan.
FKning 212-moddasi 3-qismida o‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim deyilgan.
Bu nimani anglatadi. Ya’ni, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning o‘zining hisobidan buzdirilishi deyilganda nimani tushunish kerak.
Sud tegishli tarafning da’vosini qanoatlantirganida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni uni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzdirilishini hal qiluv qarorida ko‘rsatib ketadi.
Amaliyotda shundan holatlar yuz beradiki, ish bo‘yicha javobgar bo‘lgan shaxs o‘zboshimchalik bilan qurgan imoratni buzishni paysalga soladi yoki buzishni inkor etadi.
Bunday holatda, ish bo‘yicha manfaatdor taraf, xususan nizoli yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi mavjud shaxs imoratni o‘zining hisobidan buzdirishi mumkin. Bunday holatda, unda sarflagan xarajatlarini undirish bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxsdan undirib olish haqida da’vo qilish huquqi mavjud bo‘ladi.Bu holat o‘zboshimchalik bilan qurgan imoratni buzgan Majburiy ijro byurosining davlat ijrochisiga ham taalluqlidir.
Ya’ni, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni javobgar o‘z tomonidan o‘zi hisobidan buzmasligi sud hujjatining ijro qilinishiga to‘sqinlik qilmaydi va har qanday holatda ham buzish xarajatlari uni qurgan shaxs tomonidan qoplanadi.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzdirish haqidagi nizolar sudlarda, xususan fuqarolik ishlari bo‘yicha Forish tuman sudida keskin darajada oshgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Forish tuman sudida 2024-yil davomida o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni buzdirish bilan bog‘liq da’vo arizalar yuzasidan 49 ta fuqarolik ishi ko‘rilib, shundan 40 tasi yoki 85 foizi qanoatlantirilganligi, 8 tasi yoki 14 foizi rad qilingan, 1 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 2025 yil 1-choragida esa bu toifadagi da’vo arizalar bo‘yicha 42 ta fuqarolik ishi ko‘rilib, 33 tasi yoki 78 foizi qanoatlantirilgan, 9 tasi yoki 21 foizi rad qilinganligini, ya’ni, bu toifadagi ishlar soni keskin oshgan.
2024-yil davomida va 2025-yil 1-choragida ko‘rilgan jami 91 ta fuqarolik ishi bo‘yicha da’volarning 89 tasi yoki 97,8 foizi kadastr agentligi, 2 tasi yoki 5 foizi boshqa da’vogarlar tomonidan berilgan.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarning aksariyatini esa uy-joy tashkil qilayotganligi, fuqarolar Kadastr agentligi tomonidan ma’muriy jarimaga tortilsada o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarni buzmayotganligi hammamizni tashvishga solishi kerak.
Bundan nizolarni kamaytirish uchun nafaqat yerdan foydalanishni nazorat qiluvchi organ – Kadastr agentligi tuman, shahar bo‘limlari, balki prokuratura, ichki ishlar organlari, barcha MFY raislari, mas’ul xodimlari, profilaktika inspektorlari qatiyat bilan kurashishi lozim, yer va fuqarolik qonunchiliginining mazmun-mohiyatini samarali targ‘ib qilishi lozim.
Zero, fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 60-moddasiga asosan Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, 62-moddasiga asosan atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar.
Qolaversa, yerdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.
Erkin UMURZAKOV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Forish tuman sudining raisi.
Luiza XALITOVA,
Jizzax viloyat sudi sudyasi.
