FORISH TUMAN HOKIMI IKROM SINDAROVICH MATIEVNING RAMAZON HAYITI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI Assalomu alaykum aziz yurtdoshlar! Muqaddas dinimiz buyurgan ibodat va amallarni muborak Ramazon oyida chin dildan, ixlos bilan ado etib, bugun hayit ayyomin
2025-03-30 18:10:00 / Yangiliklar

FORISH TUMAN HOKIMI IKROM SINDAROVICH MATIEVNING RAMAZON HAYITI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI
Assalomu alaykum aziz yurtdoshlar!
Muqaddas dinimiz buyurgan ibodat va amallarni muborak Ramazon oyida chin dildan, ixlos bilan ado etib, bugun hayit ayyomini katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgan siz, azizlarni, tumanimizdagi jamiki mo‘min-musulmonlar, butun xalqimizni samimiy tabriklayman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-mart kuni “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Shunday saodatli damlarga yetkazgani uchun Alloh taologa behisob shukronalar bo‘lsin! Sidqidildan qilgan duo va niyatlarimiz, ehson va amallarimizni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul aylasin! Inson qadrini ulug‘laydigan savobli ishlarimiz bardavom bo‘lsin!
Islom dini – tinchlik, ezgulik va insonparvarlik dinidir. Muqaddas kitoblarimizda “Tinchlik-omonlik, o‘zaro do‘stlik va ahillikka intilib yashash – chin mo‘minga xos fazilatdir”, deb ta’kidlangani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Bu yilgi Ramazoni sharif kunlarida ana shu qadriyatlar hayotimizda yanada yorqin namoyon bo‘ldi. Yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dinimizning asl mohiyati bilan, uning olijanob g‘oya va tushunchalari bilan uyg‘un va mushtarak ekanini barchamiz yana bir bor chuqur his etdik.
Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu oyda diyorimiz musulmonlari diniy amallarni emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bemorlar, nogiron va keksa insonlar, kam ta’minlangan oilalar, ehtiyojmand qatlamlarga mehr va e’tibor yanada kuchaydi.
Bu borada “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya dasturimizga aylandi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Yangi O‘zbekistonda yurtimizdagi barcha millat va konfessiya vakillari uchun vijdon erkinligini ta’minlash, ularning tili, madaniyati va urf-odatlarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, yangi masjidlar barpo etilmoqda, ulug‘ allomalar, aziz-avliyolarimizning qadamjolari obod qilinmoqda, milliy va diniy qadriyatlarimiz tiklanmoqda. Muborak Haj va Umra ziyoratlari uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda.
Hech shubhasiz, bu boradagi ishlar kelgusida ham davom ettiriladi. Buning uchun hozir dunyoda yuzaga kelgan g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda diyorimizdagi tinch va osoyishta hayotni ko‘z qorachig‘idek asrab, yanada hamjihat bo‘lib, xalq manfaatini ta’minlashga qaratilgan islohotlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi anglaymiz.
Nuroniylar, diniy-ma’rifiy soha vakillari, barcha xalqimizni “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etayotganini alohida mamnuniyat bilan qadrlaymiz.
Ayni vaqtda yoshlarimizni azaliy qadriyatlarimiz bilan birga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, Vatan tuprog‘ini ko‘ziga to‘tiyo qilib yashaydigan insonlar etib tarbiyalash asosiy burchimiz ekanini doimo yodda tutishimiz lozim. “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz” degan shior asosida ta’lim maskanlari va mahallalarda olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarni kuchaytirishimiz kerak.
Bu borada Haj va Umra safarlariga borib kelgan yurtdoshlarimiz, “mahalla yettiligi” va faollarimiz alohida o‘rnak ko‘rsatishlari lozim.
Aziz yurtdoshlar!
Qalblarimiz quvonchga to‘lgan mana shu mo‘tabar ayyomda sizlarni muborak Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin yurakdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Ilohim, barcha ezgu niyatlarimiz amalga oshsin! Yaratganimizning o‘zi el-yurtimizni panohida asrasin!
Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
