IQTISODIY SUDLARDA PROKUROR ISHTIROKI
2025-03-04 09:25:00 / Yangiliklar
Huquqiy saboqlar
IQTISODIY SUDLARDA PROKUROR ISHTIROKI
Davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yil 30-sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarini ko‘rishda prokurorning vakolatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun imzolangandan so‘ng amaldagi O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik protsessual kodeksiga hamda iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur qonun qabul qilinishi bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik protsessual kodeksiga davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash va davlat byudjetidan undiruvlar bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etish huquqini, shuningdek, davlat manfaatlarini himoya qilish uchun sudga ariza bilan murojaat qilish huquqini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki bilan bog‘liq ishlarda, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, davlat byudjetidan undiruvlar, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash, bojxona to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etishini nazarda tutuvchi normalar belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksida va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksida prokurorning sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida prokuror tegishli tarzda xabardor qilinmasdan ko‘rilgan, qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan ishlar bo‘yicha kassatsiya protesti, taftish tartibida protest keltirish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli sudlardan ishlarni talab qilib olishga bo‘lgan huquqi belgilanmoqda. Shuningdek, mazkur toifadagi ishlarni ko‘rish yakunlari bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish tartibi belgilab berildi.
Mazkur o‘zgartirish orqali sudlarda ishlarni ko‘rish prokuror ishtiroki va ularni jalb qilish haqida tegishli normalar mavjud bo‘lib, mazkur qonunning qabul qilinishi ularning o‘z vakolatlari va qonunda belgilangan vazifalarni bajarishda qat’iy norma bilan aniqlashtirib berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qaror bo‘yicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina, suddan chaqirib olib o‘rganish, bundan tashqari, qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo‘zg‘atilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokuror o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish belgilangan edi.
Bugungi kunda yuqorida ko‘rsatilgan qonun qabul qilinishi bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 49-moddasining uchinchi qismiga prokuror o‘zining da’vo arizasi (arizasi) asosida qo‘zg‘atilgan ishlarda, shuningdek, davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki bilan bog‘liq ishlarda, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, davlat byudjetidan undiruvlar, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash, bojxona to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etishi mumkinligi belgilab berildi.
Ushbu kodeksning ilgarigi tahrirdagi mazkur moddasida prokuror prokuratura organlari tomonidan kiritilgan da’vo arizasi asosida qo‘zg‘atilgan ishlardagina ishtirok etishi mumkinligi va qonunda nazarda tutilgan hollarda sudda qatnashishi ko‘rsatilgan edi.
Mazkur qonunni qabul qilinishi bilan sudlarda prokuratura organlari tomonidan da’vo qo‘zg‘atishi va sudlarda ishtirok etishining kafolati sifatida belgilab berildi. Yuqorida qayd etilgan moddalarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar prokurorning sudlarda ishtirokini ta’minlab qolmasdan, balki ularning da’vo doirasida sudga murojaat qilishi va protest keltirish vakolatlarini ham tartibga soladi.
Hasan MAMARASULOV,
tuman iqtisodiy sudi sudyasi.
