Kafillik: yaxshilikmi yoki huquqiy tavakkalchilik?
2026-06-22 10:00:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, hozirgi kunda kredit shartnomasi bo‘yicha qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq nizolar fuqarolik sudlarda juda ko‘p uchrayotganligi va undirilayotgan so‘mmalar yuzasidan kafilning ham javobgarligi belgilanishi natijasida sud majlisi jarayonlarida ular tomonidan norozilik bildirilishi ko‘p uchramoqda.
Shu sababli, fuqarolarga ushbu toifadagi ishlar yuzasidan huquqiy tushuncha berishimizga zarurat yuzaga keltirmoqda.
Jumladan kafillik o‘zi nima, ular qonunchilikdagi majburiyatlari qanaqa, kafillik shartnomasi (fuqarolarga) taraflarga qanday huquqiy oqibatlar keltirib chiqarishiga to‘xtalib o‘tsak.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 292-moddasiga ko‘ra, kafillik shartnomasi bo‘yicha kafil boshqa shaxs o‘z majburiyatini to‘la yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni o‘z zimmasiga oladi.
Ya’ni bu bizning bank oldida qarzdor agar o‘z majburiyatlarini bajarishiga men kafil bo‘laman, xalq tilida oddiy qilib aytganda (Shu inson uchun men turib beraman, u o‘z qarzini qaytarolmasa men o‘rtaga tushib bo‘lsa ham qaytaraman yoki o‘zim qaytaraman) deb kafillik shartnomasi tuzish vaqtimizda shartnomada olgan majburiyatlarimiz asosida yuzaga keladigan holat hisoblanadi.
Xo‘sh, ushbu majburiyatimiz qonunchiligimizda qanday o‘z aksini topgan? Agar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 293-moddasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, qarzdor kafillik bilan ta’minlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob berishi, basharti qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan bo‘lmasa. Basharti, kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi, shu jumladan foizlar to‘laydi, qarzni undirib olish bo‘yicha sud chiqimlarini va qarzdor majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditor ko‘pgan boshqa zararlarni to‘lashi, agar kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, birgalashib kafil bo‘lgan shaxslar kreditor oldida solidar javob berishi bilan bog‘liq kafilning javobgarligi belgilanganligini ko‘rishimiz mumkin.
Biroq, ko‘pchilik hollarda bilamizki mijoz kredit oluvchi taraf kredit qarzini o‘z vaqtida qaytarmasdan shartnoma shartlarini buzishligi bugungi kunda ko‘p uchramoqda.
Natijada bu holat, banklar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 293-moddasiga muvofiq ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzishi holati bilan kafilning olgan majburiyatlari bo‘yicha kredit shartnomasi bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorlikni undirish yuzasidan kafillarning ham bab-baravar javobgar sifatida da’vo arizalar kiritilishiga olib kelmoqda.
Vaholanki, shartnomada shartlashuvchi tomonlarning o‘z huquq va majburiyatlarini aniqlashturuvchi ustuvor hujjat hisoblanadi va uni bajarmaslik ikkinchi tarafga yetkazilgan zararni qoplash hamda bunga (boy berilgan foydani undirish bilan bog‘liq holatlar foizlarni undirish ham qirishi mumkin) bilan bog‘liq oqibatlarni keltirib chiqaradi va kafilga ham bu bevosita uchunchi shaxs sifatida olgan majburiyatlari bo‘yicha javobgarlik keltirib chiqaradi
Shunday ekan har birimiz kimgadir ishonch bildirishdan oldin, olayotgan majburiyatlarimiz haqida yaxshilab tushunib olishimiz, ishonchli bo‘lmagan odamlarga aldanib qolib, afsus chekib yurmasligimiz uchun shartnomaga qo‘l qo‘yishdan oldin yaxshilab fikr-mulohaza qilmog‘imiz lozim ekan. Zero, dono xalqimiz “So‘ngi pushaymon o‘zinga dushman” deb bejizga eskitdan aytib kelishmagan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, kredit shartnomalari bo‘yicha fuqarolar tomonidan o‘zlari olgan majburiyatlarga e’tiborli bo‘lishlari shartnomalarni sud tartibida bekor qilinish holatlari bilan bog‘liq huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaslikka xizmat qiladi deyish mumkin.
Shu bois, har birimizning o‘z huquq va majburiyatlarimizga tartib intizom asosida yondashishimiz, yuz berishi mumkin bo‘lgan har xil tushunmoqchiliklarni oldini olishga xizmat qiladi.
Murod Zulfuqorov
Jizzax viloyat sudining sudyasi
Ja‘far Qodirov
Fuqarolik ishlari bo`yicha
Forish tuman sudi devonxona mudiri
