IJTIMOIY HIMOYA TIZIMI YANGI BOSQICHDA
2026-03-31 11:35:00 / Yangiliklar

Inson qadri uchun
IJTIMOIY HIMOYA TIZIMI YANGI BOSQICHDA
Prezidentimiz 2025-yil 8-may kuni «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonini imzoladi. Davlatimiz rahbarining mazkur farmonida nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshiriladigan vazifalar belgilab berilgan.
Nogironligi bor hunarsiz kishini biron bir korxonaga ishga joylashtirish uchun avvalo unga hunar o‘rgatish, kasb-hunarga o‘qitish lozim. Farmonda bu borada amalga oshiriladigan ishlar alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Forish tuman «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari tomonidan bu borada tumandagi tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlikda ishlar olib borilayapti. Natijada o‘tgan oylar davomida 41 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligi ta’minlandi.
2025-yil 3-fevralda Prezidentimizning «Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolajonlar va ularning ota-onalari uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Tumanda davlat-xususiy sherikchilik asosida kunduzgi parvarish xizmati tashkil etildi. Hozir 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 8 nafar bola kunduzgi parvarish xizmati bilan qamrab olingan.
Tumanda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga vaucher asosida yangi turdagi 5 ta xizmat joriy qilindi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj 68 nafar kishiga uyda qarab turish, tibbiy reablitatsiya, kunduzgi qarab turish va shaxsiy yordamchi xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Asosiy maqsad nogironligi bo‘lgan shaxslarni nafaqat moddiy qo‘llab-quvvatlash, balki jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishdir. Bular ijtimoiy himoya samaradorligini oshirib, aholini manzilli qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Ayni kunda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar og‘ir hayotiy vaziyatga yoki kambag‘allikka tushib qolishining oldini olish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida yangi tizim joriy etilmoqda. Ya’ni davlat ta’minotidagi, kambag‘al va og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarni aniqlash hamda ularga yagona tartib asosida xizmat, yordam va imtiyozlar taqdim etish tizimi ishga tushadi.
Shuningdek, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari oilaning iqtisodiy holatiga mutanosib ravishda belgilanadi.
2026-yil 1-fevraldan boshlab Ijtimoiy himoya yagona reestri va kambag‘al oilalar reestri negizida yagona ijtimoiy reestr yuritilmoqda. U «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida shakllantirilib, davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladigan oilalar va shaxslarni aniqlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholashga xizmat qiladi.
Ijtimoiy reestrda oilalar «davlat ta’minotidagi oila», «kambag‘al oila» va «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifalariga ajratiladi. Bunda oilaning daromadi, mehnatga layoqatli yoki layoqatsiz a’zolari mavjudligi kabi mezonlar asos qilib olinadi.
«Kambag‘al oila» toifasiga kiritilgan oilalar a’zolari hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatilganda 50 foiz, «davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kiritilganlarga esa 75 foiz miqdorda chegirma qo‘llaniladi.
Sadbarg SAIDOVA,
Forish tuman «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi ijtimoiy xizmatlarni tashkillashtirish bo‘yicha mutaxassis.
