FORISH TUMANIDA YANGI YIL BAYRAMI ARAFASIDA XAVFSIZLIK CHORALARI KUCHAYTIRILDI
2025-12-20 15:50:00 / Yangiliklar

FORISH TUMANIDA YANGI YIL BAYRAMI ARAFASIDA XAVFSIZLIK CHORALARI KUCHAYTIRILDI
Forish tuman prokuraturasi hamda tuman ichki ishlar bo‘limi bilan hamkorlikda bugun tuman markazida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Yangi yil archasi bayramining tantanali ochilishi oldidan fuqarolar uchun xavfsiz muhit yaratish va favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida tegishli profilaktik tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan, tuman markaziy ko‘chalari to‘liq ko‘zdan kechirilib, jamoat xavfsizligi, harakat xavfsizligi hamda odamlar gavjum bo‘ladigan hududlarda xavfsizlik talablariga rioya etilishi ta’minlandi.
Shuningdek, Madaniyat bo‘limi oldiga o‘rnatilgan Yangi yil archasi hamda unga tegishli konstruksiyalar tabiiy omillar (shamol, yomg‘ir va boshqa ta’sirlar) sharoitida ham mustahkam turishi jihatidan sinchiklab tekshirilib, to‘liq xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilindi.
Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida bayram tadbirlarini xavfsiz va tartibli o‘tkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Tegishli xizmatlar tomonidan jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha nazorat ishlari bayram davomida ham doimiy ravishda olib boriladi.
Forish tuman hokimligi fuqarolarni bayram tadbirlarida belgilangan qoidalarga rioya etishga chaqirib, barchani kirib kelayotgan Yangi yil bilan tabriklaydi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.
