KORRUPSIYASIZ HAYOT – YUKSAKLIKKA YETAKLAYDI
2025-11-26 12:40:00 / Yangiliklar

KORRUPSIYASIZ HAYOT – YUKSAKLIKKA YETAKLAYDI
Korrupsiyaga qarshi kurash dunyo miqyosida bugungi kuning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu illatga qarshi kurash dunyoning ko‘plab mamlakatlarini qamrab olmoqda. O‘zbekiston Respublikasi ham korrupsiyaga qarshi kurashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Korrupsiya – fuqarolarning ijtimoiy adolatga va davlat organlariga nisbatan ishonchini susaytirib, mamlakatning iqtisodiy o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, jamiyatdagi ma’naviy muhitni buzilishiga ham olib keladi. Shu bois ushbu illatga qarshi kurashish va uning oldini olish bugunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Xozirgi paytda respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida Qonun, bir qator dasturlar qabul qilingan va ular bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Mamlakatimizda korrupsiyani yengish, hokimiyat amaldorlarining halol ishlashini ta’minlash, bozor iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, tadbirkorlar oldida turgan byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, xalqqa va tadbirkorlarga xalaqit berayotgan to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida 2017 yil 4 yanvardan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kirdi. Ushbu Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish, javobgarlikning muqarrarligi belgilab qo‘yildi.
Xususan, jamiyatda mazkur salbiy illatning oldini olish, unga qarshi murosasiz kurashish borasida sudlar, prokuratura organlari, adliya bo‘limlari bilan birgalikda aholi va korxona, tashkilot, muassasalarda turli uchrashuvlar, davra suhbatlari muntazam tashkil etib borilmoqda.
Korrupsiya sezilarli darajada kamaytirilgan Daniya, Finlyandiya, Singapur kabi davlatlarning tajribasi shuni ko‘rsatayaptiki, bu davlatlarda davlat organlari mansabdorlarining maoshlari sezilarli darajada oshirilganligi, ichki va tashqi korrupsiya holatlari bo‘yicha nazoratning kuchaytirilganligi bunga sabab bo‘lgan.
Tashqi korrupsiya qonun chiqaruvchi, ijro qiluvchi va sud hokimiyati organlar mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilib, ularning oldini olish shu soha mansabdorlarining maoshlarini sezilarli oshirish, bu organlar o‘rtasidagi bir-birini tiyib turish prinsipiga qatiy amal qilish yo‘li bilan kamaytirilmoqda.
Ichki korrutsiya esa turli vazirliklar, boshqaruv organlari, korxona, tashkilot va muassasa mansabdorlari va mas’ul xodimlari tomonidan sodir etilishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Ichki korrupsiyani kamaytirish uchun esa rahbar shaxslarning jamoadagi xodimlar ustidan nazoratni kuchaytirish, xodimlarning yurish-turishi, ijtimoiy ahvoli bilan qiziqishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozim.
Biroq, boshqa davlatlarda bo‘lganligi kabi bizning jamiyatimizda eng ko‘p sodir bo‘layotgan korrupsiya maishiy korrupsiyadir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2025 yil 5 martdagi korrupsiyaga qarshi kurash masalalari bo‘yicha respublika kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida mamlakatimizdagi korrupsion holatlarni tahlil qilib, korrupsiyaning kelib chiqish sabablarini, uni keltirib chiqaruvchi ijtimoiy omillarni aniqlash va bartaraf qilish haqida topshiriqlar berdi.
Mansabdor shaxslar va boshqa xodimlar tomonidan sodir etilayotgan korrupsion jinoyatlarning kelib chiqish sababi tahlil qilinganida bunday jinoyatlarning bir qismi niyati buzuqliq, boylik orttirish maqsadida qilinsa, bir qismi moddiy ahvolning og‘irligi, ish haqining kamligi, noqonuniy topshiriqlarning berilishi, kredit qarzdorligi moddiy ahvolini og‘irlashtirganligi uchun majburan sodir etilayotganligi aniqlanmoqda.
Shunga ko‘ra, har bir korxona, tashkilot, muassasa rahbari korrupsiyaga qarshi kurashni targ‘ib qilish, xodimlar ustidan nazoratni kuchaytirish bilan cheklanmasdan o‘z xodimlarining ijtimoiy, moddiy va oilaviy ahvoli bilan yaqindan qiziqishi, bu masalada muammo borligini aniqlasa, muammoni qonuniy yo‘l bilan yoki moddiy madad berish yo‘li bilan bartaraf qilishi lozim. Odamlar o‘z muammolari bilan o‘zlari yolg‘iz qolmagandagina Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev aytganiday oldinga siljish bo‘ladi.
Adolat qaror topgan jamiyatda aholining davlat organlariga nisbatan ishonchi ortadi, qolaversa, mamlakatimizning iqtisodi yuksalaveradi. Demak, korrupsiyaga qarshi kurashda nafaqat tegishli davlat organlari, balki har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi zarur.
Erkin UMURZAKOV,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Forish tuman sudi raisi.
