Farg‘ona tumanida Mudofaa ishlari bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi
2026-01-14 18:00:00 / Yangiliklar

14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni Farg‘ona tumani Mudofaa ishlari bo‘limi xodimlari uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Bayram munosabati bilan zamonaviy talablar asosida qurilish va ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilgan Mudofaa ishlari bo‘limining yangi binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Tantanali marosimda Farg‘ona tumani hokimi Xamidullo Inomov hamda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni birinchi o‘rinbosari – shtab boshlig‘i, polkovnik Azizbek Sadikov so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini, shuningdek, Farg‘ona tumani aholisini 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni hamda yangi, zamonaviy bino foydalanishga topshirilgani bilan tabrikladilar.
Tadbir davomida Farg‘ona tumani Madaniyat bo‘limi tomonidan bayramona konsert dasturi namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari faxriylari ishtirokida ramziy lenta qirqish marosimi o‘tkazildi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur bino qurilish va ta’mirlash ishlari 2 milliard 454 million so‘m mablag‘ evaziga, shartnoma asosida "Durable Housees" MChJ tomonidan amalga oshirildi. Ikki qavatli binoda ichki pardozlash ishlari bajarildi, elektr va santexnika tarmoqlari yangilandi, eshik va romlar almashtirildi, pol qismi ta’mirlandi. Shuningdek, tashqi fasad qismiga tunikafon qoplama tortilib, rang berildi hamda bino zamonaviy mebel jihozlari bilan to‘liq ta’minlandi.
Yangi bino Mudofaa ishlari bo‘limi xodimlari uchun qulay xizmat sharoitlarini yaratish, harbiy-ma’muriy faoliyat samaradorligini oshirish hamda yurt himoyachilariga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.









