Oʻzbekistonda binolar meʼyorlarini xalqaro standartlarga moslashtirish jarayoni boshlandi
2025-10-08 14:25:00 / Yangiliklar

Oʻzbekistonda qurilish sohasida energiya samaradorligini oshirish boʻyicha yangi bosqich boshlandi. Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Qurilish va uy-joy kommunal xizmatlari vazirligi hamda Energiya samaradorligi milliy agentligi hamkorligida FELICITY II dasturi doirasida binolar tasniflash va yangilash boʻyicha ishlari takomillashtirish jarayonlari boshlab yuborildi.
Sentyabr oyida boʻlib oʻtgan maslahatlar, seminarlar va texnik muhokamalarda davlat idoralari, texnik institutlar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Tadbirlar davomida amaldagi qurilish meʼyorlari tahlil qilinib, binolarning energiya samaradorligi, isitish va sovitish tizimlari, yoritish va issiq suv taʼminotiga oid kodekslarni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Davra suhbatlarida davlat va xususiy sektor vakillari ishtirok etib, qonunchilikni uygʻunlashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish va energiya samarador loyihalash amaliyotini rivojlantirish boʻyicha fikr almashdilar.
Tashabbus natijasida binolar meʼyorlarining xalqaro ilgʻor tajribalarga moslashuvi, binolarda energiya sarfini kamaytirish hamda Oʻzbekistonning iqlim boʻyicha maqsadlariga erishish yoʻlidagi saʼy-harakatlar qoʻllab-quvvatlanishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun:
FELICITY II — bu Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida barqaror shahar infratuzilmasini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlovchi xalqaro dastur boʻlib, uning asosiy maqsadi issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishdir.


