Sirdaryodagi 29-sonli maktabning innovatsion isitish tizimi o‘rganildi
2026-05-25 10:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi rahbariyati hamda mutaxassislari “Issiqlikta’minoti” AJ rahbariyati bilan birgalikda Sirdaryo viloyati Boyovut tumani Mirishkor mahallasida joylashgan 29-sonli umumta’lim maktabiga tashrif buyurib, ushbu ta’lim muassasasida ishga tushirilgan zamonaviy energiya tejamkor isitish tizimi faoliyati bilan tanishdilar.
Mazkur loyiha BMT Taraqqiyot dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida Yaponiya hukumati tomonidan ajratilgan 200 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.
Loyiha doirasida maktabdagi eski va energiya sarfi yuqori bo‘lgan qozonxona o‘rniga zamonaviy, ekologik xavfsiz issiqlik nasoslari asosida ishlovchi yangi isitish tizimi barpo etildi. Ushbu texnologiyaning asosiy afzalligi shundaki, u sarflangan 1 kVt elektr energiyasi evaziga 3–4 barobar ko‘proq issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Shu bilan birga, tizimda yoqilg‘i yonish jarayonining mavjud emasligi atmosferaga zararli chiqindilar chiqarilishini keskin kamaytirib, ekologik xavfsizlikni ta’minlaydi.
Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, yangi tizim joriy etilishi natijasida maktabda energiya sarfi 56 foizgacha qisqarishi kutilmoqda. Shuningdek, binoning energiya samaradorligi darajasi yuqori toifaga ko‘tarilishi ta’minlanadi.
Tashrif davomida loyiha ishtirokchilari mazkur tashabbus nafaqat ta’lim muassasasida qulay va zamonaviy sharoit yaratish, balki atrof-muhitni muhofaza qilish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda “yashil taraqqiyot” tamoyillarini keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Ma’lumot uchun, ushbu binoning isitish tizimi “O‘zbekistonda Qo‘shma kreditlash mexanizmini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash hamda davlat inshootlari va jamoat transporti dekarbonizatsiya salohiyatini namoyish etish orqali innovatsion dekarbonizatsiya yechimlarini ilgari surish” loyihasi doirasida modernizatsiya qilingan.








