Boʻstonliq tumanida energiya samaradorligi va “yashil iqtisodiyot”ga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi
2026-05-14 10:25:00 / Yangiliklar

Boʻstonliq tumanida energiya samaradorligini oshirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish hamda muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanishga bagʻishlangan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi. Tadbir Boʻstonliq tumani hokimligi, tuman prokuraturasi, tuman soliq inspeksiyasi hamda Energiya samaradorligi milliy agentligi hamkorligida oʻtkazildi.
Seminarda tuman hokimi J.Axmedov, tuman prokurori S.Xusayinov, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Y.Artikbayev, shuningdek, korxona va tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbir davomida energiya resurslaridan oqilona foydalanish, energiya sarfini kamaytirish hamda zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarni amaliyotga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga energiya samaradorligini oshirish orqali iqtisodiy tejamkorlikka erishish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Seminarda quyosh panellari, geliokollektorlar hamda boshqa muqobil energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Shu bilan birga, aholiga va tadbirkorlarga ajratilayotgan subsidiya va imtiyozlar, ularni olish tartiblari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Amaliy ko‘rgazmalar orqali zamonaviy energiya tejamkor uskunalar va texnologiyalarning afzalliklari namoyish etildi. Mutaxassislar tomonidan energiya iste’moli madaniyatini oshirish, energiya resurslarini tejash hamda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini kundalik hayot va ishlab chiqarish jarayonlariga keng tatbiq etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.
Mazkur seminar hududlarda energiya samaradorligini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda muqobil energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.




