Toshkent viloyatida energiya tejamkorligi karvoni: amaliy choralar
2026-04-29 12:25:00 / Yangiliklar

Joriy yil 15-aprel kuni davlatimiz rahbari tomonidan energiya resurslaridan oqilona foydalanish, ularni iqtisod qilish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilashga qaratilgan muhim topshiriqlar berildi. Mazkur vazifalar mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarida resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish hamda aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Belgilangan topshiriqlarga muvofiq, tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilib, hududiy darajada barcha mas’ul tashkilotlar hamkorligida aniq choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, shahar va tuman hokimliklari, prokuratura, ichki ishlar organlari hamda soliq idoralari bilan birgalikda energiya resurslarini tejashga qaratilgan keng qamrovli seminarlar tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlar doirasida ko‘rgazmali uskunalar bilan jihozlangan o‘quv maydonchalari tashkil etilib, iste’molchilarga zamonaviy yechimlar amaliy tarzda namoyish qilinmoqda.
Xususan, Toshkent viloyatida hokim Zoyir Mirzayev tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Energiya tejamkorligi va oqilona foydalanish karvoni” doirasida hududlarda keng qamrovli targ‘ibot va amaliy ishlar olib borilmoqda. Bekobod, Bo‘ka, Yangiyo‘l, O‘rta Chirchiq, Nurafshon, Piskent, Chirchiq, Toshkent, Parkent, Qibray, Zangiota kabi o‘nlab tumanlarda o‘tkazilgan seminarlar davomida mavjud muammolar tahlil qilinib, energiya samaradorligini oshirish, gaz ta’minoti barqarorligini ta'minlash va hududni namunaviy tumanga aylantirish bo‘yicha aniq rejalar taqdim etildi.
Shu bilan birga, hududlardagi elektr iste’moli past bo‘lgan abonentlar kesimida chuqur tahlillar olib borilib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘rganishlar amalga oshirilmoqda. “Transformatorbay” tamoyili asosida ishlar tashkil etilib, elektr tarmoqlarini daraxt va buta shoxlaridan tozalash, gaz taqsimlash punktlarini ta’mirlash va tartibga keltirish, issiqlik tarmoqlarini izolyatsiya qilish hamda ko‘cha yoritish tizimlarini zamonaviy energiya tejamkor chiroqlar bilan jihozlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.








