Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida energiya samaradorligi sohasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
2026-04-27 14:30:00 / Yangiliklar

Ostona shahrida o‘tkazilgan Mintaqaviy ekologik sammit doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi hamda Qozog‘iston Respublikasining Energiya tejash va energiya samaradorligini oshirish sohasini rivojlantirish milliy instituti o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat ikki davlat o‘rtasida energiya tejash, energetika resurslaridan oqilona foydalanish hamda energiya samaradorligini oshirish yo‘nalishlarida tizimli va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Uchrashuv davomida Institut Boshqaruvi raisi Yeldos Abakanov hamda Energiya samaradorligi milliy agentligi direktori Ziyoviddin Badriddinov Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini batafsil muhokama qildilar.
Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratib, avvalo tajriba almashish va institutsional hamkorlikni izchil kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Shu bilan birga, energiya tejash va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ularni samarali moliyalashtirish va amaliyotga joriy etish mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar, shuningdek, mazkur sohada umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish hamda ilg‘or xalqaro tajribalarni integratsiya qilish orqali hamkorlik samaradorligini yanada oshirish muhim ekanini ta’kidladilar.

