Ostona shahrida Energiya samaradorligi milliy agentligi va UNDP o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
2026-04-22 10:05:00 / Yangiliklar

2026-yil 22–24-aprel kunlari Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida o‘tkazilgan Mintaqaviy ekologik sammit doirasida Energiya samaradorligi milliy agentligi direktori Z. Badriddinov hamda O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP)ning doimiy vakili Akiko Fujii o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning bugungi natijalari hamda energiya tejash va barqaror rivojlanish yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Muzokaralar jarayonida Energiya samaradorligi milliy agentligi va UNDP o‘rtasida imzolangan O‘zaro anglashuv memorandumi doirasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. Hozirgi kunda tahliliy materiallar tayyorlash, xalqaro tajriba almashish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida zamonaviy energiya samarador texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari ham muhokama qilindi. Jumladan, Qamashi tumanidagi tibbiyot muassasasini grant mablag‘lari hisobidan zamonaviy energiya samarador uskunalar bilan jihozlash orqali modernizatsiya qilish loyihasida UNDP ishtiroki imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Mazkur tashabbus muassasaning ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish, energiya ta’minoti ishonchliligini oshirish hamda tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qilishi qayd etildi.
Bundan tashqari, nasos stansiyalarida ESCO mexanizmini joriy etish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ushbu mexanizm infratuzilmani modernizatsiya qilish va obyektlar faoliyati samaradorligini oshirish uchun xususiy investitsiyalarni jalb etish imkonini beradi.
Sanoat sohasida ham pilot loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinib, unda korxonalarda energetik audit o‘tkazish hamda energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalarni zamonaviy texnologiyalar asosida joriy etish nazarda tutilayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida energiya resurslaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha xalqaro tajribani birgalikda o‘rganish zarurligi ta’kidlandi. Gaz va elektr energiyasi tariflarini mahsulotning qayta ishlash chuqurligi hamda yaratilayotgan qo‘shilgan qiymat darajasi bilan bog‘lash mexanizmlari muhokama qilindi. Ushbu yondashuvlar yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni rivojlantirish, sanoat raqobatbardoshligini oshirish hamda energiyadan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
