Energiya samaradorligi milliy agentligining 2026-yil I chorak yakuni boʻyicha maʼlumotlari
2026-04-20 16:50:00 / Yangiliklar

2026-yil I chorak yakuni boʻyicha Energiya samaradorligi milliy agentligi faoliyatiga oid maʼlumotlarni eʼtiboringizga havola etamiz.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Energiya servis xizmatlari bozorini shakllantirish hamda aholi uy-joylarining energiya samaradorligi oshirilishini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 673-sonli qaroriga asosan uy-joylarni energiya auditidan oʻtkazish xarajatlari 100% miqdorda, quyosh panellari, geliokollektorlar, maishiy isitish qozonlari va boshqa energiya tejovchi qurilmalar uchun xarajatlarning 20% qismi, issiqlik nasoslari xarid qilish va oʻrnatish xarajatlarining 40% qismi Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan qoplab berilmoqda.
Joriy yil yanvar, fevral, mart oylari davomida Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasi – esma.uzex.uz orqali aholi tomonidan subsidiya asosida energiya samarador qurilmalarni xarid qilish va oʻrnatish boʻyicha 7,3 mingdan ortiq soʻrov kelib tushgan, shundan qariyb 5 ming xonadon energiya auditdan oʻtkazildi. 1,1 mingdan ortiq xonadonga quyosh panellari, geliokollektorlar hamda issiqlik nasoslari oʻrnatish uchun subsidiya ajratildi. Ajratilgan subsidiya qiymati 9 mlrd soʻmdan ziyod.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish oʻrinlarini yaratish hamda kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Energiya samaradorligi milliy agentligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda 2026-yil 1-martdan boshlab ijtimoiy reestrga kiritilgan, I guruh nogironligi boʻlgan va mehnatga layoqatli aʼzosi mavjud boʻlmagan oilalar xonadonlarida “yashil” taʼmirlash ishlarini amalga oshirishni yoʻlga qoʻydi.
Ushbu tashabbus doirasida xonadonlarning devor va tom qismlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshiklarni oʻrnatish, shuningdek, quyosh panellari yoki geliokollektorlarni joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu aholining turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilish bilan birga energiya sarfini ham qisqartirishga zamin yaratadi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtish, uning asosi boʻlgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish koʻrsatkichlarini keskin oshirish belgilangan. Buning uchun koʻp qavatli uy-joylardagi xonadonlarning energiya samaradorligi (energoaudit)ni baholash tizimi joriy etilmoqda. Bugungi kunda xorijiy tajribalar asosida bino va inshootlarning energiya samaradorligi boʻyicha A–G toifalarga ajratishning yagona metodologiyasi va normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqish uchun takliflar tayyorlanmoqda.
Respublika boʻylab xonadonlarga energiya samarador qurilmalar oʻrnatishda beriladigan ragʻbatlantirish mexanizmlari (subsidiya) toʻgʻrisida aholini xabardor qilish maqsadida qator seminar va uchrashuvlar tashkil etildi. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlarida seminarlar oʻtkazildi.
2026-yil I chorak davomida energiya auditorlari tayyorlash boʻyicha jami 16 ta taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Agentlik tomonidan energiya auditorlarini sertifikatlash boʻyicha bino-inshoot yoʻnalishida jami 5 marotaba imtihon oʻtkazildi va muvaffaqiyatli oʻtgan 268 nafar nomzodlarga sertifikatlar topshirildi.
2026-yil 7-aprel holatiga esma.uzex.uz platformasidagi energiya auditorlarining yagona reyestrida jami 185 ta energiya auditorlar roʻyxatdan oʻtdi. Shundan, 126 tasi boshlangʻich, 59 tasi professional toifadagi energiya auditorlari hisoblanadi. Platformadagi energiya auditorlik korxonalar soni esa 70 tani tashkil qiladi.
2026-yil boshidan 4 944 ta ijtimoiy soha muassasalari energiya samaradorlik talablari asosida modernizatsiya qilinmoqda. Natijada yiliga oʻrtacha 218,3 mln kVt elektr energiyasi, 304 mln m3 gaz iqtisod qilinadi, atrof-muhitga 595 ming tonna CO2 chiqindisi chiqishi oldi olinadi.
Bugungi kunga kelib, 371 ta energiya sarfi yuqori boʻlgan sanoat korxonalari belgilandi. Ularni energiya auditdan oʻtkazish rejalashtirilgan.
