Energiya samaradorligi milliy agentligi hududlarda sayyor qabullarni oʻtkazmoqda
2026-04-15 09:45:00 / Yangiliklar

Aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, energiya samaradorligini oshirish boʻyicha joylarda mavjud muammolarni bevosita oʻrganish maqsadida Energiya samaradorligi milliy agentligi masʻullari tomonidan hududlarda sayyor qabullar tashkil etilmoqda.
Sayyor qabullar davomida Agentlik mutaxassislari fuqarolar va tadbirkorlar bilan yuzma-yuz uchrashib, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, energiya samarador texnologiyalarni joriy etish, davlat tomonidan berilayotgan imtiyoz va ragʻbatlantirish mexanizmlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar bermoqda.
Surxondaryoda oʻtkazilgan sayyor qabul davomida fuqarolarni eng koʻp qiziqtirgan masalalardan biri — qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish va bu borada davlat tomonidan berilayotgan qoʻllab-quvvatlash choralari haqida boʻldi.
Jumladan, fuqarolar tomonidan aholi xonadonlarida quyosh panellari va boshqa energiya samarador uskunalarni oʻrnatish uchun qanday subsidiyalar mavjudligi haqida savollar berildi. Mutaxassislar tomonidan energiya auditi xarajatlari toʻliq, yaʼni 100 foiz qoplanishi taʻkidlandi. Shuningdek, quyosh panellari, geliokollektorlar, “A+” toifadagi isitish qozonlari hamda rekuperator uskunalari uchun 20 foizgacha, issiqlik nasoslari uchun esa 40 foizgacha subsidiyalar ajratilishi maʻlum qilindi.
Energiya samaradorligini oshirish raqamli platforma orqali ariza topshirish va subsidiya ajratish jarayonlari toʻliq raqamlashtirilgan boʻlib, barcha jarayonlar shaffof tarzda amalga oshiriladi. Bu esa tizimdagi barcha jarayonlarda ochiqlik va hisobdorlik tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etayotganini koʻrsatadi.
Shu bilan birga, “yashil” kreditlar boʻyicha imtiyozlar ham fuqarolarni qiziqtirgan masalalardan boʻldi. Jismoniy shaxslarga ajratiladigan “Yashil taʼmir” va “Yashil isteʼmol” kreditlarida foiz stavkasi 19 foizdan yuqori boʻlgan qismida 4 foiz punktigacha boʻlgan xarajatlar Agentlik tomonidan qoplab beriladi.
Sayyor qabullarda tadbirkorlik subyektlari, xususan, toʻqimachilik sanoati vakillari ham faol ishtirok etdi. Ular uchun quyosh fotoelektr stansiyalarini joriy etishda yaratilgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi. Bu sohadagi korxonalar uchun 3 yil muddatgacha, 2 milliard soʻmgacha boʻlgan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining 10 foiz punktigacha qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Shuningdek, energiya auditi masalasi ham muhokama markazida boʻldi. Energiya auditi uy-joylar, binolar va inshootlarda energiyadan foydalanish samaradorligini tahlil qilish, yoʻqotishlarni aniqlash hamda tejamkor yechimlar ishlab chiqish jarayoni boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasining “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan tartibga solinadi.
Sayyor qabullar jarayonida fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar joyida koʻrib chiqilib, tezkor hal etish choralari belgilanmoqda. Bu kabi sayyor qabullarni barcha hududlarda oʻtkazish reja qilingan.


