Energiya samaradorligi va issiqlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha uchrashuv tashkil etildi
2026-04-07 09:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligida Agentlik direktori Ziyoviddin Bositovich hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Abdurahimovna, shuningdek, “Issiqlikta’minoti” AJ Boshqaruv raisi Ilhom Xabibullayevich ishtirokida ishchi uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan dolzarb masalalar keng muhokama qilindi.
Xususan, uchrashuv davomida 395 ta ijtimoiy soha obyektlarini bosqichma-bosqich markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimiga ulash, Angren shahridagi 3,7 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarini mukammal ta’mirlash orqali tizimdagi yo‘qotishlarni kamaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Shu bilan birga, ko‘p kvartirali uy-joylarga individual issiqlik punktlarini o‘rnatish orqali iste’molni boshqarish samaradorligini oshirish, shuningdek, issiqlik nasoslaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida malakali mutaxassislarni tayyorlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda energiya samaradorligini oshirish nafaqat iqtisodiy tejamkorlikni ta’minlash, balki mavjud energiya resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish hamda aholi uchun qulay va barqaror yashash sharoitlarini yaratishda muhim omil hisoblanadi.
Uchrashuv yakunida zamonaviy va energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish orqali yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida modernizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, amaliy mexanizmlarni yanada takomillashtirish yuzasidan o‘zaro muvofiqlashtirilgan faoliyatni davom ettirishga kelishib olindi.
