O‘zbekistonda energiya auditi va ESCO bozori rivojiga bag‘ishlangan muloqot tashkil etildi
2026-03-27 09:40:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrida O‘zbekistonda energiya auditi va ESCO bozori rivojiga bag‘ishlangan birinchi ko‘p tomonlama muloqot tashkil etildi.
Tadbir Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (UNDP) tomonidan Slovakiya Respublikasi hukumati moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.
Tadbir ochilishida Energiya samaradorligi milliy agentligi direktori nutq so‘zlab, mazkur muloqot mamlakatimizda energiya samaradorligi ekotizimini shakllantirish va ijtimoiy binolarni modernizatsiya qilishga investitsiyalarni jalb etishda muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi.
Tadbir davomida energiya auditi tizimini rivojlantirish, ESCO bozorini shakllantirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda mavjud muammolar va ularning amaliy yechimlari keng muhokama qilindi. Davlat organlari, xususiy sektor, moliya institutlari hamda xalqaro tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbir davomida Energiya samaradorligi milliy agentligi faoliyati, amalga oshirilayotgan islohotlar hamda energiya samaradorligini rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Ushbu yo‘nalishdagi mavjud imkoniyatlar va istiqbolli rejalar keng yoritildi.
O‘zbekiston bino-inshootlar sektorida energiya samaradorligini oshirish hamda jamoat infratuzilmasida energiya iste’molini kamaytirishga qaratilgan muhim islohotlarni amalga oshirmoqda. Maktablar, shifoxonalar va bolalar bog‘chalari kabi jamoat binolari umumiy energiya iste’molining salmoqli qismini tashkil etadi va shu sababli energiya samaradorligini oshirish hamda xarajatlarni qisqartirish uchun katta salohiyatga ega.
Mazkur yo‘nalishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (UNDP) O‘zbekistonda Slovakiya taraqqiyot hamkorligi ko‘magida “Energiya auditi – O‘zbekistondagi jamoat binolarining energiya samaradorligi salohiyatini ochish” loyihasini amalga oshirmoqda.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad:
- Energiya auditi bo‘yicha institutsional tizimni mustahkamlash;
- Energiya auditorlarini sertifikatlash tizimini joriy etishga ko‘maklashish;
- Energiya samaradorligi investitsiyalarida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish.
Ushbu muloqot energiya auditi tizimini rivojlantirish va ESCO bozorini shakllantirish bo‘yicha imkoniyatlar, muammolar va amaliy yechimlarni muhokama qilish uchun manfaatdor tomonlarni birlashtiruvchi dastlabki platforma hisoblanadi.






