Energiya samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan navbatdagi seminarlar Jizzax viloyatida o‘tkazildi
2026-03-19 17:15:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan hududlarda energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda zamonaviy energiya samarador texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda.
Shu maqsadda Jizzax viloyatining Jizzax shahri hamda Zomin, G‘allaorol va Do‘stlik tumanlarida qator seminarlar tashkil etildi. Tadbirlar davomida energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish, shuningdek, energiya resurslaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Hududlarda o‘tkazilayotgan seminarlar davomida shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ham alohida ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilarga sohada manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda davlat xizmatlaridan foydalanishda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilish zarurligi tushuntirildi.
Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasining imkoniyatlari ham keng yoritildi. Mazkur platforma orqali jismoniy shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish uchun davlat tomonidan ajratiladigan subsidiyalarni olish maqsadida onlayn ariza topshiradilar. Ta’kidlanganidek, ushbu tizim to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, barcha bosqichlarning ochiq va shaffof tarzda inson omilisiz amalga oshiriladi. Bu esa korrupsion holatlarning oldini olishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Seminarlar yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi hamda energiya samaradorligini oshirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.


