5-mart – Xalqaro energiya samaradorligi kuni
2026-03-05 15:05:00 / Yangiliklar

Har yili 5-mart sanasi dunyoning koʻplab mamlakatlarida Xalqaro energiya samaradorligi kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana jamiyatda energiyadan oqilona va samarali foydalanish, energiya samarador texnologiyalarni keng joriy etish muhimligi haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan.
Xalqaro energiya samaradorligi kuni 1998-yilda Avstriyada taʼsis etilgan. Uning asosiy maqsadi energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish hamda energiya isteʼmoli madaniyatini oshirish masalalariga davlatlar va jamoatchilik eʼtiborini qaratishdan iborat.
Bugungi kunda energiya samaradorligini oshirish global ahamiyatga ega vazifaga aylanmoqda. Energiya resurslaridan samarali foydalanish iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, tabiiy resurslarni asrash hamda atmosferaga chiqarilayotgan karbonat angidrid (CO₂) chiqindilarini kamaytirishda muhim rol oʻynaydi.
Oʻzbekistonda ham energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda zamonaviy energiya samarador texnologiyalarni joriy etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Energiya samaradorligi milliy agentligi tashkil etildi.
Agentlikni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – energiya samaradorligini oshirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, bozor tamoyillariga asoslangan yaxlit va muvofiqlashtirilgan ekotizimni yaratish, shu jumladan, energiya isteʼmoli sohasida audit, konsalting va menejment hamda energiyani tejashdan daromad oluvchi energiya servis kompaniyalari xizmatlari bozorini rivojlantirish va “yashil” moliyaviy dastaklarni kengaytirish.
Energiya samaradorligini oshirish esa nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki kelajak avlodlar uchun ekologik barqaror muhitni saqlab qolishga ham xizmat qiladi.
