Hududlarda energiya samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan seminarlar o‘tkazilmoqda
2026-03-04 13:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan hududlarda energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va aholining energiya iste’moli madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan qator seminarlar tashkil etilmoqda.
Xususan, Surxondaryo viloyatining Angor tumanida Agentlik xodimlari hamda tuman hokimi ishtirokida seminar o‘tkazildi. Tadbirda hududda energiya samaradorligini oshirish, quyosh panellari, geliokollektorlar va boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Seminar davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 673-sonli “Energiya servis xizmatlari bozorini shakllantirish hamda aholi uy-joylarining energiya samaradorligi oshirilishini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Ishtirokchilarga aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan subsidiyalash imkoniyatlari haqida ham ma’lumot berildi. Jumladan, uy-joylarni energiya auditidan o‘tkazish xarajatlarining 100 foizigacha qoplab berilishi, quyosh panellari, geliokollektorlar va energiya tejovchi qurilmalar qiymatining 20 foizi subsidiya sifatida ajratilishi hamda issiqlik nasoslarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 40 foizigacha (BHMning 50 baravarigacha) davlat tomonidan qoplanishi ta’kidlandi.
Shuningdek, to‘qimachilik korxonalariga quyosh panellari o‘rnatish uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining 10 foiz bandigacha qismi kompensatsiya qilinishi haqida ham tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, Agentlik tomonidan Termiz shahridagi Bo‘ston MFY hududida aholi va hokim yordamchilari ishtirokida seminar tashkil etilib, energiya samarador texnologiyalardan foydalanishning afzalliklari hamda subsidiyalardan foydalanish tartibi yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Seminarlar hududlarda energiya samaradorligini oshirish, aholi va tadbirkorlik subyektlarining energiya resurslaridan oqilona foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.


