“O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
2026-02-25 17:05:00 / Yangiliklar

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamkorligida yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyaning takomillashtirilgan mazmuni, jamoatchilik muhokamalari natijalari hamda kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbirda Energiya samaradorligi milliy agentligi vakillari ham ishtirok etdi. Yig‘ilish davomida strategiyada energetika va energiya samaradorligi yo‘nalishlariga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan ham muhokamalar o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–21-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi milliy taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab bergan tarixiy hujjat. Strategiyani takomillashtirish jarayonida uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz platformalari orqali bir oy davomida 3 564 ta fikr va taklif kelib tushgani, ularning muhim qismi asosli takliflardan iborat ekani qayd etildi. Tahlillarga ko‘ra, taʼlim, ekologiya, raqamlashtirish, energetika, transport sohalari bo‘yicha eng ko‘p taklif tushgan.
Strategiyada 100 ta maqsad hamda ularga erishish bo‘yicha 437 ta samaradorlik ko‘rsatkichi belgilangan bo‘lib, shundan 102 ta koʻrsatkich oʻzgarishsiz qoldirilgan, 95 tasi yangi tahrirda berilgan, 240 ta yangi koʻrsatkich kiritilgan.
Energiya samaradorligi milliy agentligi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, energiya iste’moli madaniyatini yuksaltirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shish yo‘lida barcha manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni davom ettiradi.
