Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasi COP29 doirasidagi tadbirlarda ishtirok etdi
2024-11-20 08:20:00 / Vazirlik yangiliklari
Tadbir doirasida hukumat vakillari, xalqaro tashkilotlar, yetakchi ekspertlar hamda akademik doiralar ishtirokida interaktiv muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan forum tashkil etildi. Unda 20 dan ziyod davlatlarning vazirliklari va xalqaro tashkilotlarining rahbarlari, shuningdek, turli kompaniyalar va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari qatnashdi.
Tadbirda nutq so‘zlaganlar xalqaro hamkorlikning ahamiyatini alohida ta’kidladilar. Ayniqsa, yashil texnologiyalarni kengaytirish, ilg‘or boshqaruv modellarini rivojlantirish va davlat xizmatlarini ekologik hamda ijtimoiy barqarorlikka moslashtirish masalalari muhimligini ta’kidladilar.
Ma’lumot uchun: ushbu tashrif Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xuzuridagi Davlat xizmatlari va ijtimoiy innovatsiyalar agentligi raisi Ulvi Mehdiyevning taklifiga binoan amalga oshirildi.
Mazkur forum O‘zbekiston delegatsiyasi uchun xalqaro tajriba almashish, ekologik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun muhim platforma bo‘ldi.