Ekologik qonunlarga oid koʻrik-tanlov respublika bosqichining navbatdagi gʻoliblari ma’lum bo’ldi
2025-03-20 16:00:00 / Yangiliklar

Ishtirokchilar “Bu bizning hudud”, “Intellektual ring”, “Ekologiya uchun barchamiz mas’ulmiz”, “Eng yaxshi ekologik loyiha” kabi shartlar boʻyicha o’z iqtidorlarini namoyish etishdi.
Shuningdek, tanlovda yoshlarning atrof-muhitni asrab-avaylash, eko-madaniyatni targʻib qilish, plogging, iqlim oʻzgarishlari, daraxt kesish hamda suv muammolari, yosh ekologlar sonini koʻpaytirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish va boshqa shu kabi dolzarb masalalarga qaratilgan tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi.
Yakunda hakamlar hay’ati qaroriga ko’ra Buxoro viloyati 1-o’rinni, Xorazm viloyati 2-o’rinni, Toshkent viloyati jamoasi esa uchinchi oʻringa munosib deb topildi.
Gʻoliblar quyidagi pul mukofotlari va diplom bilan taqdirlandi:
1-oʻrin- 15 000 000 soʻm
2-oʻrin- 10 000 000 soʻm
3-oʻrin - 5 000 000 soʻm.
“Bugun ekologiyaga oid qonunlarni muhokama qilib, tanlovning respublika bosqichida 2-o‘rinni egallaganimizdan juda xursandmiz. Ushbu natijaga erishishimizga yordam bergan barchaga minnatdorchilik bildiramiz”, – dedi Xorazm viloyati jamoasi ishtirokchilari.
Tashkilotchilar bunday tanlovlarda ishtirok etish yoshlarni ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etishga, atrof-muhit holatini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga undashini ta’kidlashdi.
Tanlov g‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi bilan yakunlandi.