“Green University”da zamonaviy “in-vitro” laboratoriyalari tashkil etiladi
2025-01-21 17:30:00 / Yangiliklar
Bu taklif keng jamoatchilik vakillari, ekofaollar, ijtimoiy tarmoq faollarining taklif va mulohazalari asosida tayyorlangan va “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida muhokamaga qo‘yilgan.
Amaliyotga tatbiq etilishi
Loyihaga ko‘ra, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutida zamonaviy “in-vitro” laboratoriyalari tashkil etiladi.
Xalqaro tajriba
Xorijda “in-vitro” laboratoriyalarida foydalanish orqali ko‘chat yetkazish uslubi keng tarqalgan uslub hisoblanadi. O‘simliklarni kichik qismlari (to‘qima va hujayralar)dan laboratoriyalarda mikroko‘paytirish quyidagi afzalliklarga ega:
— o‘simliklarni tez ko‘paytirish imkoni mavjud;
— kichik joydan qisqa muddat ichida ko‘p ko‘chat olinadi;
— yil davomida, mavsumdan qat’i nazar ko‘chat yetishtiriladi;
— ko‘chat yetishtirish jarayoni xavfsiz va tejamkor kechadi, sog‘lom va arzon ko‘chat yetishtiriladi;
— o‘simlikning biologik xususiyatlari to‘liq saqlab qolinadi;
— noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi o‘simliklar shu usul bilan ko‘paytirilib, saqlab qolinadi.
Foydali tomonlari
Respublikada turli xildagi ko‘chatlarni tez va ko‘p miqdorda yetishtirish imkoniyati hamda ko‘chat yetishtirishning zamonaviy tizimi yaratiladi.
Bu usulda yetishtirilgan o‘simliklar, avvalo, yer maydonlarini 3-4 barobar optimallashtiradi. Oddiy usulda ko‘chat yetishtirish jarayoni 3-4 yilni o‘z ichiga olsa, laboratoriya sharoitida bu muddat 2 barobarga qisqaradi. Bundan tashqari, tez o‘suvchanligi, kasallik va zararkunandalarga chidamliligi va ochiq muhitga moslashish kabi afzalliklarga erishiladi.
Ma’lumot uchun, Prezident Farmoni loyihasi “O‘zbekiston-2030” xalq strategiyasi onlayn portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Loyiha 2025-yil 22-yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi. Unda siz ham faol ishtirok etib, o‘z taklif va mulohazalaringizni uzbekistan2030.uz onlayn portali hamda @Ekologiya_yili_bot telegram boti orqali yuborishingiz mumkin!