AI-80 markadagi benzin yoqilg‘isidan nega voz kechish kerak?
2025-01-21 12:00:00 / Yangiliklar

2024-yilning 29-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yilda uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2025-yildan AI-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriq berildi.
Dolzarbligi
Bugungi kunda respublikamizda transport vositalarining soni keskin ortib bormoqda. Transport vositalari sonining o‘sishi respublika, ayniqsa Toshkent shahrida, atmosfera havosining ifloslanishiga, sog‘liqqa bog‘liq muammolarning ko‘payishiga, shuningdek, shaharlarda chang, zararli gazlar va tutun miqdorining ortishi bilan bog‘liq aholi murojaatlarining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Xalqaro statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalarning 59 foizi transport vositalari, 21 foizi sanoat korxonalari, va 20 foizi elektr energiyasini ishlab chiqarish hissasiga to‘g‘ri keladi.
AI-80 markadagi benzindan foydalanganda atmosferaga karbonat angidrid, azot oksidlari, oltingugurt dioksidi, uglevodorodlar va PM2.5 ifloslantiruvchi moddalari boshqa turdagi motor yoqilg‘ilariga nisbatan ko‘proq tashlanadi. AI-80 markadagi benzindan foydalanish atmosferada ifloslantiruvchi moddalar va og‘ir metallarning to‘planib qolishiga olib keladi.
Amaliyotga tatbiq etilishi
Loyihada 2025-yil yakuniga qadar “Yevro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash ilgari surilgan. Shuningdek, respublikaning yirik shaharlarida, jumladan, Toshkent shahrida avtotransport vositalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorining keskin oshishi hamda atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish maqsadida 2025-yil 1-martdan AI-80 markadagi benzin yoqilg‘isini bojxona rasmiylashtiruvlaridan o‘tkazish va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirishni qat’iyan taqiqlash taklif qilinmoqda.
Qolaversa, 2026-yil 1-yanvardan respublikada tashkiliy tuzilmasidan qat’i nazar AI-80 markadagi benzin yoqilg‘isini ishlab chiqarishni taqiqlash maqsadga muvofiq.
Xalqaro tajriba
Yevropa Ittifoqi davlatlari “YEVRO” standartlari orqali avtomobil yoqilg‘isi sifatini qat’iy nazorat qiladi. 2005-yilda joriy etilgan YEVRO-4 standarti AI-80 kabi past sifatli yoqilg‘idan foydalanishni taqilaydi. Efiopiya 2024-yil yanvar oyida benzin va dizel yoqilg‘ili transport vositalarini import qilishni taqiqlagan. Bu qaror mamlakatning yoqilg‘i importiga sarflanadigan xarajatlarini kamaytirgan va atrof-muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Chili va AQSH 2035-yilgacha benzinli avtomobillarni sotishni to‘xtatishni rejalashtirgan, bu qaror atrof-muhitni muhofaza qilish va uglerod chiqindilarini kamaytirish maqsadida qabul qilingan. MDH (Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Qozog‘iston) davlatlarida esa AI-80 benzini va boshqa past oktanli yoqilg‘ilardan foydalanish taqiqlangan, shuningdek, yuqori oktanli benzin markalariga o‘tish va elektr transport vositalarini import qilish uchun soliq imtiyozlari berilgan.
Qanday foyda beradi?
AI-80 markadagi benzin yoqilg‘isidan voz kechish natijasida transport vositalaridan atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmi keskin kamayib, nafaqat havo sifati sezilarli darajada yaxshilanadi, balki aholi salomatligi mustahkamlanadi, atrof-muhit muhofazasi kuchayadi. Shuningdek, ekologik toza transport texnologiyalarining joriy etilishi iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishiga turtki bo‘lib, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va xalqaro ekologik standartlarga muvofiq qadam tashlash imkonini beradi. Bu o‘z navbatida mamlakatning xalqaro maydonda ekologik nufuzini oshiradi.
Ma’lumot uchun, Prezident Farmoni loyihasi “O‘zbekiston-2030” xalq strategiyasi onlayn portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Loyiha 2025-yil 22-yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi. Unda siz ham faol ishtirok etib, o‘z taklif va mulohazalaringizni uzbekistan2030.uz onlayn portali hamda @Ekologiya_yili_bot telegram boti orqali yuborishingiz mumkin!