Namanganda eski uran konlarini zararsizlantirish bo‘yicha qilingan ishlar ko‘zdan kechirildi
2024-08-29 11:00:00 / Yangiliklar
Tashrif davomida ishchi guruh Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan Chorkesar hududidagi Chorkesar-2 uran konlari obyektlarini rekultivatsiya qilish loyihasi doirasida qilingan ishlar bilan tanishdi.
“Ushbu loyihaning diqqatga sazovor jihati qisman temir-beton va gabiondan yasalgan, umumiy uzunligi 690 metr bo‘lgan ikkita zovur qurilishidir. 2024-yilning yanvaridan apreligacha bo‘lgan jarayon davomida ikkita shaxtani beton bilan yopdik va barcha ishlarni muvaffaqiyatli yakunladik”,
— dedi loyiha boshqaruvi guruhi rahbari Falk Vagner.
Chorkesar-2 obyektidagi ishlar 2024-yil 1-fevraldan boshlangan. Bunda hududda istiqomat qiluvchi mahalliy aholi vakillari va tegishli tashkilotlar bilan maslahatlashilgan. Bugungi kunga qadar rekultivatsiya qilingan maydonlar geodezik tasvirga olingan, 550 m uzunlikdagi kirish yoʻllari qurilgan, kanal boʻylab 158 m3 beton-tosh qurilmasi hamda 106 m3 hajmdagi temir-beton konstruksiyalari buzilgan.
“Bu loyiha, ayniqsa, yosh bolalar uchun juda foydali. Shu paytga qadar mazkur hududda radiaktiv nurlanishga to‘la shaxtalar bor va bolalar istalgan paytda bu shaxtalarga tushib, xavf ostida qolishlari mumkin edi. Shu bois loyiha asosida ish olib boorish jarayonida shaxtalarni to‘liq betonlashtirdik va to‘ldirib, tepasini toza tuproq qatlami bilan yopdik”, –
dedi Ekologiya vazirligi loyiha boshqaruvi guruhi qurilish muhandisi Vadim Korolev.
Hududda rekultivatsiya ishlarini amalga oshirgan Qirg‘iz Respublikasi konsorsiumi uchastka rahbari Mirlan Jumakadir Uulu esa Chorkesarda sel uchun maxsus ariqlar qazilganini, bu esa suv ko‘paygan mavsumlarda suv toshqini kabi xavf-xatarlarning oldini olishini aytib o‘tdi.
Bundan tashqari, hududda shu paytga qadar 460 m va 398 m uzunliklardagi kanallar rekonstruksiya qilish uchun qazilgan, 2687m3 va 1800 m2 hajmdagi kanallar mustahkamlangan, hajmi 1007 m3 boʻlgan gabion konstruksiyasi oʻrnatilgan, 16,2m3 va 52,2 m3 hajmga teng shaxtalardagi temir-beton konstruksiyalari buzilgan, shaxtalar beton bilan toʻldirilgan, rekultivatsiya ishlari amalga oshirilgan maydonlar buldozer bilan mustahkamlangan.
Shuningdek, uran konlarini zararsizlantirishda samarali ishlar amalga oshirilgani, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik choralariga amal qilinayotganligi alohida ta’kidlandi.
“Chorkesar qishlog‘ida kamida 10 yillik ahvolni yaxshi bilaman. Biz uran hududida yashaymiz. Shu paytga qadar shaxtalardan zararlangan suvlarning oqib chiqishi va boshqa salbiy omillar qishloq aholisi, chorva mollariga zarar keltirayotgan edi. Keyinchalik uranning inson salomatligi va yashash tarziga juda katta zarari borligi inobatga olinib, buni bartaraf etish uchun ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Natijada bugungi kunga kelib Chorkesar uran zararidan xoli, inson uchun xavfsiz hududga aylandi”
, — dedi qishloq aholisi vakili, Pop tumani deputati Abbos Umrboyev.
Loyiha doirasida qilingan ishlar borasida mahalliy aholi vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazilib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi.
Ma’lumot uchun, 2022-yil 1-sentyabr kuni YeTTB bilan Toshkent viloyatidagi Yangiobod va Namangan viloyatidagi Chorkesar-2 uran konlari obyektlarini rekultivatsiya qilish toʻgʻrisida qiymati 7 mln yevrolik grant bitimi imzolandi. Bu loyiha Yangiobod va Chorkesar hududlaridagi radiaktiv nurlanishni yo‘qotib, xavfsiz hududga aylantirish va bu orqali aholi salomatligini yaxshilashga qaratilgan.