Asosiy kontentga o'tish

Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligiga kosmik monitoringni joriy etish istiqbollari muhokama qilindi

2025-04-04 17:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalar, jumladan, kosmik monitoring vositalarini joriy etish masalasi yuzasidan muhim muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Bu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktyabrdagi “2024 – 2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF–155-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirildi.

Uchrashuvda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Ro‘ziyev, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Raximov, shuningdek, Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi rahbar va mutaxassislari ishtirok etdi.

Muhokamalarda quyidagi yo‘nalishlar muhim ahamiyat kasb etdi:

Qishloq xo‘jaligi yerlarining holatini masofadan turib monitoring qilish, ularning unumdorligini baholash, ekin maydonlarini aniqlik bilan kuzatish imkoniyatlari;

“Ochiq portal” platformasi orqali real vaqt rejimida ma’lumotlarni shakllantirish, tahlil qilish va aniqlangan muammolarga tezkor choralar ko‘rish mexanizmlari;

Noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlarini aniqlash bo‘yicha sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan foydalanish imkoniyatlari.

Ta’kidlanganidek, ushbu texnologiyalar orqali qishloq xo‘jaligi sohasida resurslardan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish, hamda yerlarni nazorat qilish va boshqarishning shaffof mexanizmlarini yaratish mumkin bo‘ladi.

Muhokama yakunida Jizzax viloyati hokimligi hamda “O‘zbekkosmos” agentligi o‘rtasida viloyatda kosmik monitoring asosida yer resurslaridan samarali foydalanishni tashkil etish yuzasidan hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

440

Oxirgi yangilanish: 2025-04-04 17:19:50

Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligiga kosmik monitoringni joriy etish istiqbollari muhokama qilindi