“Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda startap ekotizimini rivojlantirish” forumi bo‘lib o‘tdi
2025-02-25 17:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbir universitetlar, startap ekotizimi ishtirokchilari, investorlar va korporativ sektor vakillarini bir joyga jamladi. Forum universitetlarni innovatsiya va tadbirkorlik markazlariga aylantirish, talabalarni startap faoliyatiga jalb qilish, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini rivojlantirish hamda startap ekotizimi ishtirokchilari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Bugungi kunda startap ekotizimi nafaqat biznesni rivojlantirish, balki innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy qilish, raqamli iqtisodiyotni kengaytirish va yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga tayyorlash uchun muhim vosita hisoblanadi. Shu bois, universitetlarning bu jarayonda faol ishtiroki katta ahamiyat kasb etadi.
Forum startaplar alleyasining tashkil etilishi bilan boshlandi. Bu maydonda talabalarning turli innovatsion g‘oyalari va loyihalari namoyish etildi. Talabalar o‘z startaplari, texnologik yechimlari va biznes g‘oyalari bilan ishtirok etib, investorlar va ekspertlarning tavsiyalarini olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov startapchilar uchun tashkil etilgan alleyada yosh startapchilar bilan suhbatlashdi hamda startap ekotizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shundan so‘ng forumning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda vazir Sh. Shermatov so‘zga chiqib, universitetlar va startap ekotizimi o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyatiga to‘xtaldi. Talabalarni tadbirkorlikka tayyorlash, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini rivojlantirish, davlat va xususiy sektor hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirdi.
Forum davomida sohaning yetakchi mutaxassislari tomonidan startaplarni moliyalashtirish, universitetlarning ekotizimga qo‘shayotgan hissasi, hududlarda startap-parklari tashkil etish, xalqaro inkubatsiya dasturlari va biznes-startaplar hamkorligi kabi mavzularda taqdimotlar va muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Universitetlar startap ekotizimiga o‘z hissasini qo‘shish va talabalarning biznes g‘oyalarini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar oldilar, korporatsiyalar esa startaplar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha yangi yo‘nalishlarni o‘rganishdi.
Mazkur forum startap ekotizimini rivojlantirish, universitetlar va biznes o‘rtasida mustahkam hamkorlik o‘rnatish hamda innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish uchun muhim platforma bo‘ldi. Bu nafaqat universitetlar, balki butun mamlakatning innovatsion taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan muhim tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etildi.