“O‘zbekiston xalqaro biznesning yangi markazi sifatida: xorijiy kompaniyalar uchun imkoniyatlar” xalqaro tadbiri bo‘lib o‘tdi
2024-10-23 15:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Ushbu tadbir “Yangi o‘zbekistonda ta’lim tizimini transformatsiya qilish va ta’lim sifatini oshirish, IT va raqamli texnologiyalar sohasini qo‘llab-quvvatlash pirovard maqsad sifatida” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida tashkil etildi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Latviya Respublikasining sobiq Prezidenti Raymonds Veyonis, Serbiya Respublikasining sobiq Prezidenti Boris Tadich, Xalqaro elektraloqa ittifoqi sobiq bosh kotibi Hamadoun Ture, Irlandiyaning IDA (Industrial Development Authority) tashkiloti maslahatchisi Shon Makklin, “NEC” korporatsiyasi sobiq vitse-prezidenti hozirgi kunda Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Akihiro Sakurai ishtirok etdi.
Ma'lumki, so‘nggi yillarda axborot-kommunikatsiya tizimini mamlakat iqtisodiyotining “drayver”laridan biri, shiddat bilan rivojlanayotgan soha deb hech ikkilanmasdan aytish mumkin. Yangi asrda biror bir davlat bu tarmoqni rivojlantirmay turib taraqqiyotga erishishi imkonsiz. Shu sababli keyingi davrda IT-infratuzilmani rivojlantirish, bu soha bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash hamda xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish ustuvor vazifaga aylangan.
Tadbirda so‘zga chiqqan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 2017-2023-yillarda sohada sezilarli o‘sishga erishilganini ta’kidladi.
Vazir IT-Park rezidentlari tomonidan ko‘rsatilgan eksport hajmi 2017-yildan 2023-yilgacha 573 barobarga ortganini qo‘shimcha qilib, bu ko‘rsatkich, 2017-yilda 600 ming dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yil yakunida 344 mln dollargacha yetkazilgani, O‘zbekiston dinamik IT-Hubga aylanib borayotgani va IT-Park Uzbekistan ushbu jarayonda strategik rol o‘ynayotganini aytib o‘tdi.
Shuningdek,
– 2023 yilda respublikada ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar va ko‘rsatilgan IT-xizmatlar hajmi nisbatan 12,8 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lib, 2017 yilga nisbatan 71 barobar o‘sish sur’ati kuzatilgani;
– Respublika bo‘ylab IT-xizmatlarni ko‘rsatadigan hamda IT-Park rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat yuritayotgan IT-kompaniyalar soni 2172 taga yetkazildi, shuningdek, ularda 32 mingdan ortiq (2017 yilga nisbatan qariyb 15 barobar o‘sish) ish o‘rinlari yaratilgani;.
– IT-Parkning startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini muvafaqqiyatli yakunlagan 42 ta istiqbolli startap-loyihaga jami 787,1 mlrd.so‘m miqdorda investitsiya jalb qilingani;
– IT-Park rezidentlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 71 barobarga ortib, 2017 yilda 179,9 mlrd so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib 12,8 trln so‘mgacha yetkazilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, Sherzod Shermatov hozirgi kunda IT-Park 2200 dan ortiq rezidentga ega bo‘lib, ularning 800 dan ortig‘i eksport qiluvchi kompaniya ekanligi, 540 dan ortig‘i xorijiy kapitalga ega kompaniyalar ekanligini, 2030 yilgacha IT-Park rezidentlari tomonidan eksportga yo‘naltirilgan 300 000 dan ortiq yangi ish o‘rnini yaratish rejalashtirilgani va IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazilishiga e’tibor qaratdi hamda Vazirlik messiyasi Raqamlashtirish orqali insonlar hayotini yengillashtirish va qo‘shimcha daromad topish imkoniyatlarini kengaytirish ekanini ta’kidladi.
Shu bilan birga, konferensiyada mahalliy va xorijiy spikerlar so‘zga chiqdilar.
Latviya Respublikasining sobiq Prezidenti Raymonds Veyonis ta’kidlashicha, O‘zbekistonning sarmoyaviy muhitdagi islohotlari Yevropa davlatlari kompaniyalarining ko‘payishini osonlashtiradi. Xorijiy investitsiyalar uchun tartib-taomillarni soddalashtirish va xorijiy kompaniyalarning bu yerga kelib ishlashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ayniqsa, O‘zbekistonda IT-Park rezidentlariga beriladigan imtiyozlar 2040 yilgacha uzaytirilishi investorlar uchun ishonchni oshirib, jozibador muhit yaratdi. Bu islohotlar 2030 yilga qadar IT eksporti 5 mlrd AQSH dollarga yetazish va Su’niy intellekt bozori 1,5 mlrd AQSH dollarga yetkazilishiga zamin yaratdi.
Serbiya Respublikasining sobiq Prezidenti Boris Tadich fikricha, O‘zbekiston hukumati tomonidan IT sohasiga berilayotgan e’tibor tufayli O‘zbekiston “Mintaqaviy IT-Hub”ga aylanmoqda. Buning natijasida O‘zbekiston xorijiy kompaniyalar uchun biznes yuritish va investitsiyalar kiritishga eng qulay mamlakatlardan biridir.
Boris Tadich O‘zbekistonda Raqamli startaplarni rivojlantirish orqali hukumat, bugingi davr talablariga dosh berishga tayyor bo‘lgan tadbirkorlarning yangi avlodini keng qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu startapchilar nafaqat iqtisodiy ishtirokchilar, balki ijtimoiy qiymat yaratish va turmush darajasini oshirishda muhim hamkorlardir. O‘zbekistonda Raqamli startaplarni rivojlantirish uchun kiritilgan xorijiy investitsiyalar miqdorida mahalliy mablag‘ ajratilishi muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, Xalqaro elektraloqa ittifoqi sobiq bosh kotibi Hamadoun Ture amalga oshirilgan ishlar natijasida O‘zbekiston BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida 193 ta davlat orasida +24 pog‘onaga ko‘tarilib, 63-o‘rinni egallab, eng katta pog‘ona yuqorilagan mamlakatlar TOP-10 taligidan joy olganligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shu bilan birga, u telekommunikatsiya sohasida olib borilayotgan islohatlarga to‘xtalib, O‘zbekistonda 7 yil ichida aloqa qamrovi 41 foizdan 99 foizga yetkazilgani, Internet narxi arzonligi bo‘yicha 22 o‘rinni egallagani, O‘zbekistonda “5G” texnologiyasi rivojlangani va MDH davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib “5G”ni uzoq hududlarda joriy qilgani hamda yuqori tezlikdagi Internet oshayotganini qo‘shimcha qildi.
Bundan tashqari, Irlandiyaning IDA (Industrial Development Authority) tashkiloti maslahatchisi Shon Makklin so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston yirik IT kompaniyalar o‘zlarining mintaqaviy ofislarini ochish uchun eng qulay joyga aylanmoqda. Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etilishi xorijiy IT kompaniyalar sonini 10 mingtaga yetkazilishida muhim qadamdir. O‘zbekistonda “Zero Risk” va “Local to Global” dasturlari orqali IT biznesni rivojlantirish uchun eng qulay joydir.
Shuningdek “NEC” korporatsiyasi sobiq vitse-prezidenti va hozirgi kunda Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Akihiro Sakurai O‘zbekiston xalqaro IT bozorga yuqori daromad topadigan 300 ming nafar yosh mutaxassislarni yetkazish salohiyati borligini, demografiya darajasi pasayayotgan davlatlarga IT sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash orqali eksportni oshirishga yetarli imkoniyatlar mavjudligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shu bilan birga, bugungi kunda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda uning hududlardagi oltita filiali, shuningdek, Inha va Amiti universitetlarida 35 ta mutaxassislik bo‘yicha 29 mingdan ortiq kadr tayyorlanayotganini va IT-universitetlar soni deyarli 100 taga yetganiga e’tibor qaratdi.
Bundan tashqari, 2023 yildan uzbekcoders.uz platformasi orqali “Coursera” onlayn kurslari yo‘lga qo‘yildi. Natijada respublika bo‘yicha jami 402 385 nafar ta’lim oluvchi boshlang‘ich, 1 816 nafari esa professional kurslarni tamomlab, xalqaro IT-sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. “Coursera” platformasida O‘zbekiston mehnat bozori uchun zaruriy ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlashga sarmoya kiritayotgan dunyo mamlakatlari reytingida birinchi o‘rinni egallaganiga alohida to‘xtaldi.
Davlatimiz rahbari tomonidan soha oldiga O‘zbekistonda biznes yuritish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish vazifasi qo‘yilgan. Bu ustuvor maqsadga raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va elektron hukumat tizimini takomillashtirishga qaratilgan davlat dasturlari, shuningdek, “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini sifatli amalga oshirmasdan erishib bo‘lmaydi.