Jahon banki vakili bilan “Uzbekistan Digital Inclusion” loyihasini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2024-10-08 19:40:00 / Vazirlik yangiliklari
Uchrashuvda IT-taʼlimni rivojlantirish, mamlakatning raqamli inklyuziyasini oshirish va IT-ta’lim dasturlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha keng koʻlamli masalalarga e'tibor qaratildi.
Uchrashuvda, shuningdek, Jahon banki tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan “Uzbekistan Digital Inclusion” loyihasi muhokama qilindi. Ushbu loyiha mamlakatda raqamli inklyuziyani kengaytirish, ya’ni texnologiyalar va raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini aholi uchun kengroq ochib berishga qaratilgan.
Loyiha doirasida hududlar aholisining IT texnologiyalarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli bo‘linishni kamaytirish, shuningdek, barcha ijtimoiy guruhlar uchun raqamli infratuzilmani rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Bu loyiha, avvalo, Oʻzbekistondagi texnologik o‘zgarishlarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Mamlakat hududlarida internet va texnologiyalar bilan teng ta'minlanish darajasini oshirish orqali aholining turli qatlamlariga raqamli dunyodan foydalanish imkoniyatlarini yaratadi.
Uchrashuv davomida IT-taʼlim sohasidagi tashabbuslar muhim mavzulardan biri sifatida koʻrib chiqildi hamda tomonlar Oʻzbekistonning IT-ta’lim sohasini kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash masalasini batafsil muhokama qildilar.
Uchrashuvda IT-taʼlim dasturlarini takomillashtirish mavzusi ham alohida e’tiborga olindi. Shuningdek, IT-taʼlimni rivojlantirish, yosh avlodni raqamli bilimlarga tayyorlash Oʻzbekistonning texnologik va iqtisodiy kelajagini belgilashda muhim rol oʻynashi ta'kidlandi.