UNICEF tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari bilan IT-ta’lim yo‘nalishini yanada rivojlantirish maqsadida amaliyot dasturlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi
2024-07-10 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Muhokama chog‘ida ta’limni raqamlashtirishning bugungi holati, yoshlar va ayniqsa, IT yo‘nalishida tahsil olayotgan qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv avvalida Regina Kastijio O‘zbekistonning ko‘p jabhalarda jadal rivojlanish yo‘lida qo‘lga kiritgan, aholi turmushini sezilarli darajada yaxshilagan yutuqlar, shuningdek, IT sohasida yoshlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholadi.
O‘z navbatida, vazir Sh.Shermatov UNICEF vakillariga vazirlikning asosiy maqsadlaridan biri yosh avlodni tayyor ish o‘rinlari bilan ta’minlash va bu orqali boshqa davlatlarga migratsiya foizini kamaytirib, yoshlarni shu yerning o‘zida yuqori maoshli ishlarga jalb qilish ekanini ta’kidladi.
Shu bilan birga, vazir O‘zbekistonning dengizga chiqish imkoniyati cheklangani, bundan tashqari, yuqori daromodli ish o‘rni yaratish zarurati mavjudligi, IT orqali esa bu muammoni bartaraf etishga katta e’tibor qaratilayotganiga to‘xtalib o‘tdi. Shu munosabat bilan vazirlik AKT sohasini faol rivojlantirmoqda, bu esa IT-xizmatlari eksportini jadal oshirishga xizmat qilmoqda.
Vazir Sh. Shermatov UNICEF vakillarini Enterprise Uzbekistan’ni tashkil etish rejalari bilan tanishtirdi va bu O‘zbekistonga ko‘proq xorijiy kompaniyalarni jalb qilish imkonini beradigan erkin iqtisodiy zona va me’yoriy-huquqiy bazaga ega maydon bo‘lishini ta’kidladi.
Shuningdek, Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Raqamli inklyuzivlik” loyihasi haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida tomonlar IT-sohasi bo‘yicha intiluvchan mutaxassis qizlar uchun amaliyot dasturlarini tashkil etish hamda IT-ta’lim imkoniyatlarini yanada oshirish masalalarini muhokama qildilar.
UNICEF vakillari muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro tajriba bilan ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.