O‘zbekistonlik talabalar Huawei kompaniyasining Xitoydagi ta’lim safarida ishtirok etdi va Shanxaydagi MWC ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi
2024-07-04 11:10:00 / Vazirlik yangiliklari
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Amity universiteti, Toshkentdagi Inha universiteti, Turin politexnika universiteti, Kimyo xalqaro universiteti va Yangi O‘zbekiston universitetidan 12 nafar talaba Shenjen shahridagi shtab-kvartirasida joylashgan Huawei ko‘rgazma majmualariga tashrif buyurdi, davlat xizmatlari, ishlab chiqarish va sanoatga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish tajribasini o‘rgandi. Xitoyda 5G-Advanced innovatsiyalari bo‘yicha master-klassda ishtirok etdi va Xitoyning an’analari va madaniyati bilan tanishdi.
Talabalar Shanxayda GSMA’ning eng yirik tadbirlaridan biri – MWC Shanghai Mobil Jahon Kongressida innovatsiyalarni o‘rganish imkoniyatidan foydalanishdi.
Huawei stendida ishtirokchilar 5G-Advanced tarmoqlari, sunʼiy intellektga ega qurilmalar uchun yechimlar va ilovalarni oʻrganishdi, kompaniya mutaxassislariga qiziqtirgan savollarni berishdi, shuningdek, Huawei vitse-prezidenti Van Shunli bilan suhbatlashishdi.
Shu bilan birga, Huawei flagman do‘konida “China Digital Exploration Tour”ning yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Huawei kompaniyasining hukumat bilan aloqalar boʻyicha vitse-prezidenti janob Van Ke oʻzining ochilish nutqida “Seed for the Future” global taʼlim dasturi raqamli innovatsiyalarni oʻrganish va tushunish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, yetakchilik koʻnikmalarini rivojlantirish va yosh avlodda tadbirkorlik ruhini shakllantirish uchun muhim platforma ekanligini taʼkidladi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasining Shanxaydagi Bosh konsuli A’zamjon Mansurov so‘zga chiqib, “O‘zbekiston Respublikasida “Raqamli O‘zbekiston 2030” strategiyasi doirasida raqamli iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini, Huawei kompaniyasi O‘zbekistonda ham, butun dunyoda ham ushbu jarayonga o‘z hissasini qo‘shayotgani, “Seed for the Future” kabi dasturlarni amalga oshirayotgani va AKT akademiyalarini ochayotganini bildirdi.
Huawei 25 yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritib, aloqa operatorlari, davlat sektori, sanoat va ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. “Seeds for the future” dasturi Respublikada 10 yildan beri olib borilmoqda. 2023-yilda O‘zbekiston talabalari Qatar va BAAda “Seeds for the future” mintaqaviy loyihasida ishtirok etdilar. 8 nafar talabadan iborat “TechnoMinds” jamoasi mintaqa chempioni, shuningdek, Tech4Good tanlovining global finali g‘olibi bo‘ldi. Bu yil O‘zbekistonda 150 dan ortiq talabalarni birlashtirgan Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy loyiha bo‘lib o‘tadi.