Mirzo Ulug‘bek vorislari o‘quv kursi tinglovchilari uchun “O‘zbekistonda ma’lumotlar ilmi fani – “Data science”ni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida seminar-trening tashkil etildi
2024-05-20 16:25:00 / Vazirlik yangiliklari
Seminar-trening “O‘zbekistonda ma’lumotlar ilmi fani – “Data science”ni rivojlantirish istiqbollari” mavzusiga bag‘ishlandi.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Mirzo Ulug‘bek vorislari tayyorlov o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgan. Loyiha doirasida saralab olingan 60 nafar o‘quvchilar “Data science” bo‘yicha tahsil olishadi.
Bugungi seminar-treningda ham ushbu yoshlarga yanada chuqurroq bilim berish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan yangi o‘quv kurslari tashkil etildi. Ushbu seminar “Microsoft Fabric” dasturi imkoniyatlarini o‘rgatishga qaratildi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek vorislari o‘quv kursi tinglovchilari, Respublika Oliy ta’lim muassasalari talabalari va MAAB Academy tinglovchilari ishtirok etishdi.
Vazir Sh. Shermatov “Raqamli transformatsiya. Katta ma’lumotlar bozori. Hukumat tashabbuslari, infratuzilma va imkoniyatlar” mavzusida ma’ruza qildi.
To‘rt kun davom etadigan seminarda yosh o‘quvchilar “Microsoft Fabric” – barcha axborot manbalarini birlashtiruvchi yagona tahliliy yechim vositasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, ma’lumotlarni tayyorlash, qayta ishlash, ma’lumotlarni saqlash, ularni vizualizatsiya qilish kabi keng qamrovli integratsiyalashgan tahliliy imkoniyatlarni AQSHlik mutaxasislar ishtirokida o‘rganadilar.