Denov tumani hokimi Anvar Normamatovning 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tabrigi
2026-10-01 08:00:00 / Yangiliklar

Biz ustoz zotini azaldan otaday ulug‘ deb biladigan, e’zozlaydigan ma’rifatparvar xalq farzandlarimiz.
Har bir inson hayotda qanday yutuqqa erishgan bo‘lsa, ularda qadrdon o‘qituvchi va ustozlarining beqiyos hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi. Biz, ota-onalar o‘zimizning eng katta boyligimizni — aziz farzandlarimiz kelajagini Siz, muhtaram ustozlar qo‘liga ishonib topshirganmiz.
Bugungi kunda fidoyi ustoz va murabbiylarning ezgu xizmatlari tufayli yoshlarimiz har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetayotgani, fan va texnika, madaniyat va san’at, sport sohalarida katta marralarni qo‘lga kiritayotgani barchamizga cheksiz quvonch baxsh etadi. Shu borada birgina misol keltirmoqchiman. O‘tgan o‘quv yilida yoshlarimiz xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgani ta’lim sohasidagi islohotlarimiz samarasining yana bir dalilidir. Yurtboshimiz tashabbusi bilan pedagog xodimlarni majburiy mehnat va turli jamoatchilik ishlariga jalb qilish holatlariga chek qo‘yilgani, ta’lim muassasalarida qog‘ozbozlikka barham berilayotgani, yangi imtiyozlar yaratilayotgani o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda.
Olis hududlardagi maktablarga dars berish uchun jalb etilgan yuqori toifali o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi yana bir muhim qadam bo‘ldi. Mamlakatimizda farzandlarimizni go‘daklik davridan to kamolot yoshiga qadar har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning hayotda munosib o‘rnini topishiga xizmat qiladigan uzluksiz va samarali tizim yaratildi.
Xususan, tumanda Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tizimida jami 111 ta ta’lim muassasasi, 4 ta xususiy maktab hamda 1 ta “Kelajak markazi” faoliyat olib bormoqda.
2026–2027-o‘quv yilida bir necha maktabda ta’mirlash ishlari yakunlandi, yangi binolar qurildi.
2026–2027-o‘quv yilida 1-sinflarga jami 9 725 nafar o‘quvchi qabul qilindi.
Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 7 189 nafardan ortiq o‘qituvchi 84 421 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya bermoqda.
2026–2027-o‘quv yilida tumanda 566 nafar oliy malaka toifasiga ega, 1 163 nafar birinchi malaka toifasiga ega pedagog faoliyat yuritmoqda. 1 200 nafardan ortiq o‘qituvchi milliy va xalqaro sertifikatlarga ega.
Mak tabgacha ta’lim bo‘yicha hozirda 428 ta — shundan 56 ta davlat, 25 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 346 ta oilaviy nodavlat va 1 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Tuman hududidagi 3–7 yoshgacha bo‘lgan 44 758 nafar bolaning 26 214 nafardan ortig‘i maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan.
Ushbu ta’lim muassasalarida ham zahmatkash pedagoglarimiz, fidoyi tarbiyachilarimiz ishlab kelmoqda.
Ta’limga qaratilgan e’tibor — yurtimizning ertangi kuniga qaratilgan e’tibordir. Har bir maktabda yaratilayotgan sharoit, har bir sinfxonada berilayotgan bilim farzandlarimizning kelajagiga xizmat qiladi. Bu jarayonda o‘qituvchining mehnati alohida o‘rin tutadi: u o‘quvchiga fan sirlarini o‘rgatish bilan birga, mustaqil fikrlash va to‘g‘ri qaror qabul qilishni ham o‘rgatadi.
Bolaning iste’dodini o‘z vaqtida payqash va uni qo‘llab-quvvatlash katta mas’uliyat talab etadi. Maktabgacha ta’limda berilgan dastlabki tarbiya esa bolaning keyingi bilim olishi uchun mustahkam asos yaratadi. Shu bois tarbiyachilar va o‘qituvchilar mehnati bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir.
Bugun yoshlarimizning zamonaviy kasblarni egallashi, xorijiy tillar va axborot texnologiyalarini o‘rganishi uchun bilimli ustozlar ko‘magi zarur. Ayni paytda ta’lim sifati o‘qituvchi, ota-ona va mahalla hamkorligiga ham bog‘liq. O‘qishga qiziqqan, ustozi va oilasi qo‘llab-quvvatlagan yosh o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ya oladi. Ana shunday bilimli va tarbiyali avlodni voyaga yetkazishdagi xizmatlaringiz uchun sizlarga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Hozirgi zamonda hamma jabhalarda ilm, bilim va salohiyat suv bilan havoday zarurligi, har qaysi davlat faqatgina shu asosda taraqqiyotga erishishi, sodda qilib aytganda, inson bilak kuchidan ko‘ra ilm kuchi bilan ko‘proq daromad va obro‘-e’tibor topishi mumkinligini hammamiz yaxshi anglaymiz.
Siz, aziz ustoz va murabbiylar, bugun mana shunday o‘ta mas’uliyatli jabhada tom ma’noda tarixiy vazifani ado etmoqdasiz. Chunki Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, o‘zining qat’iy hayotiy pozitsiyasiga ega, hech kimdan kam bo‘lmagan yoshlarni tarbiyalash — haqiqatan ham g‘oyat ezgu va ulug‘ vazifadir.
Barchangizga shu sharafli yo‘lda olib borayotgan olijanob faoliyatingizda va shaxsiy hayotingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.
Xonadonlaringizga doimo tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka yor bo‘lsin!
Hamisha sog‘-omon bo‘ling, aziz ustoz va murabbiylar!
