YOSHLAR BANDLIGI — USTUVOR VAZIFA
2026-10-22 09:55:00 / Yangiliklar
Yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoit yaratish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda daromad manbalarini shakllantirish davlatimiz yoshlarga oid siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Zero, har bir yoshning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi, kasb-hunar egallab, barqaror daromadga ega bo‘lishi nafaqat oila farovonligi, balki jamiyat taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda yoshlar bandligini ta’minlashda umumiy yondashuv bilan cheklanib qolmasdan, har bir yoshning qiziqishi, qobiliyati va imkoniyatlarini inobatga olgan holda manzilli ish tashkil etish talab etilmoqda.
Chortoq tumani hokimi Ilhomjon Sattarov raisligida yoshlar bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etib, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashish hamda kasb-hunarga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda har bir mahallada ishsiz yoshlarni aniqlash, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va mas’ul tashkilotlar hamkorligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, har bir yosh bilan manzilli ishlash va bandlik masalalarida mas’uliyatni oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.









